14:27
Yigitlar oila qurishga tayyormisiz?
Yigitlar oila qurishga tayyormisiz?

Balog‘at yoshidagi yigitlarni oila qurishga munosabatini so‘raganingizda aksari “uylanish qochmas, oldin mana bu masalani hal qilib olay”, qabilidagi javoblarni olishingiz tabiiy hol. To‘g‘ri, oila qurishdan avval o‘zini moddiy tomondan tiklab olish yoki ro‘zg‘or deb nomlangan kemani tortishga tayyor bo‘lish yaxshi, lekin shuni aslo unutmaslik kerakki, oila qurishga ruhan o‘zida ishonchni shakillantirishdek murakkab jarayon bor, buni unutish mumkin emas.

Yigit kishini oilaga tayyorligiga ishonchi qanday shakllanadi-yu va qachon uni shakllangan deb hisoblash mumkin?

Yigitlarning oilaga tayyorligiga ishonchni ikki asosiy omili mavjud bo‘lib, ulardan birinchisi yigitni o‘zi o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda oila qurishga tayyorligiga baho berishi bo‘lsa, ikkinchisi yigitni qurshab turgan ijtimoiy muhit uni yo‘naltirishiga bog‘liqdir.

Birinchi omilga batafsilroq to‘xtaladigan bo‘lsak, yigit o‘zini jismoniy va ruhiy holatlari rivojlanganligi nuqtai nazardan oila qurishga tayyorligi darajasini baholay olishi lozim. Mabodo o‘zida fizo-anotomik kamchilik (kasallik) sezsa hech tortinmay (yaqin sirdosh odami bilan maslahatlashib) mutaxassislarga uchrashib, ularni bartaraf etgani ma’qul. Sababi, tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayonida biror-bir kamchilik (kasallik) aniqlansa, bu noxushliklarga sabab bo‘lishi mumkin.

Ruhiy tomondan yigit o‘zini baholaganda avvalombor irodasiga e’tibor qaratish asosida “men uylanishga tayyormanmi?”, “men bir qizni baxtli qila olamanmi?”, Bo‘lg‘usi oilamni ma’naviy va moddiy tomondan ta’minlay olamanmi?” degan savollarga vijdonan, xolisanillo javob berishi kerak. Yuqoridagi sovollarga ijobiy javob bera olgandan so‘ng xayolan ko‘z oldiga uylangan do‘stlarini keltirib, uylanganlaridan so‘ng ularda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi va bu o‘zgarishlarni sababini aniqlashga xarakat qilish lozim. Ana shu tahlil asnosida o‘zini oilaviy hayotda qanday tutishini va amalga oshiradigan faoliyatini tassavvur qilib ko‘rishi maqsadga muvofiqdir.

Oilaviy hayotda o‘zini tutish − ruhiy holatlarini har qanday vaziyatlarda ham boshqara olish tushuniladi. Bunda kichik oilaning rahbari vazifasini bajarish jarayonida jaxli chiqqanda jahlini jilovlay olishi, alamini yashira olishi, achchiqlanishi asosida zulm qilmasligi va hokozolar kirishi bilan bir qatorda xazil-mutoyibani to‘g‘ri tushunishi ham kiradi.

Oilaviy hayotda faoliyatini amalga oshirishi − biror bir mehnat turi bilan shug‘ullanib oila byudjeti va oila xo‘jaligini boshqarish tushuniladi. Oila byudjetini oila a’zolari tomonidan ishlab topiladigan moddiy qiymat tashkil etsa, oila ho‘jaligini oila istiqomat qiladigan binodan tortib to ro‘zg‘orda ishlatiladigan oddiy ignagacha bo‘lgan oila a’zolari yashashi uchun zarur bo‘lgan uy-ro‘zg‘or buyumlari tashkil etadi.

Mazkur omilga yana ikki oilani, ya’ni o‘zi o‘sgan va quda bo‘luvchi oilalar o‘rtasini bog‘lab turuvchi mustahkam ko‘prik vazifasini bajara olish ma’suliyatini his etish ham kiradi. Ana shu birinchi omilga tayyorman deb o‘ziga ishonch bildira olgan yigit keyingi ikkinchi omilga nisbatan o‘z ishonchini qay darajada shakllanganligiga e’tiborini qaratishi lozim.

Ikkinchi omil xaqida to‘xtaladigan bo‘lsak. Yigitni qurshab turgan ijtimoiy muhitning uni oila qurishiga munosabati tushuniladi. Avvalom bor oila rahbarlarining uni oila qurishiga tayyorligi darajasini o‘ylab ko‘rish maqsadga muvofiqdir. Mabodo oila rahbarlari taxminan oldindan rejalashtirib ma’lum tanish oilani qizni tavsiya etishsa, yigit keskin rad javobini bermasligi kerak, hatto o‘zi ko‘z ostiga olib qo‘ygan o‘z nomzodi bo‘lsa ham. Bunday holatlarda oila rahbarlariga yaqin odam bilan maslahatlashib o‘z fikrini o‘sha odam orqali ma’lum qilishi odob doirasida pardani saqlab qoladi.

Ko‘z ostiga olib qo‘ygan nomzodi bo‘lmasa oila raxbarlarini taklifini qabul qilib ular tavsiya etayotgan nomzodini ko‘rganidan so‘ng qarorini aytishini ta’kidlagani ma’qul hisoblanadi. Yana shuni ta’kidlash joizki, kelinlikka nomzod qiz bilan rasmiy ko‘rishishdan avval unga sezdirmasdan ko‘rish, uchrashish kerakmi yoki yo‘qmi degan savolga aniq javob topish kerak bo‘ladi, chunki bunday nozik masalallarda beg‘ubor bir qizning ko‘ngilini og‘ritib qo‘yish yaxshi emas. Kelinlikka nomzodni o‘rniga o‘z singlingiz yoki opangizni qo‘yib ko‘rsangiz buni mohiyatini darrov tushunib olasiz degan umiddamiz.

Rasmiy uchrashuvga har ikki tomon roziligi bilan chiqdingiz, kelinlikka nomzodga nisbatan yuragingiz jiz etdi ham deylik, biroq darrov qaroringizni aytishga shoshilmang, chunki dastlabki taassurot aldamchi bo‘lishi mumkin. Shuning uchun yana bir marotaba uchrashuv taklif eting, shunda sizda mulohaza yuritishga fursat bo‘ladi.

Mulohaza yuritish jarayonida uni kuzatishlaringizga asoslanib, quyidagi savollarni o‘z oldingizga ko‘ndalang qo‘ying. Men shu qiz bilan qolgan hayotimni birga o‘tkaza olamanmi?, Uni injiqliklariga chidaymanmi?, Bemor bo‘lib qolganida dardiga sherik bo‘la olamanmi?,Shu qiz pishirgavn taomlarni hech ikkilanmay istemol qila olamanmi? Umuman uni o‘zimga moslalashtirib orzuimdek turmush o‘rtog‘imga aylantira olamanmi?Degan savolarga “ha” deb javob bera olsangiz qizga uylanishga rozilik berishingiz mumkin.

To‘y kuningiz belgilanib, elga ma’um oshi ham tortildi.Endi bo‘lg‘usi kuyov o‘zini-o‘zi oilaga tayyorlashdek murakkab jarayoni amalga oshirib, oila qurishga bo‘lgan o‘z ishonchini yanada orttirishi kerak bo‘ladi.

Oila qurishga o‘zida ishonchni shakilantirishiga eng asosiy rolini o‘ynovchi omil bu o‘z o‘ziga yo‘riqnoma berish yaniy “Men albatta yaxshi oila raxbari bo‘la olaman”, “Mendan oilam talab etadigan majburiyatlarni bajara olaman”, “Men turmush o‘rtog‘imni baxtli qila olman”, “Men u bilan albatta, baxtli bo‘laman”, “Men unga ishonaman” deb kelajakka faqat yaxshi niyatlar bilan qarashi va bunga o‘zini ishontira olishi uchun yuqoridagi iboralarni tez-tez takrorlab turishi lozim.

Sog‘lom va farovon turmushni shakllantirishda bo‘lg‘usi oila rahbarining rolini chuqur anglab yetgan yigitgina ruhan oila qurishga tayyor bo‘ladi. Shuning uchun turmush qurishdan oldin bir narsani bilib qo‘ying. Qiz bola yangi oilaga ko‘nikib ketishida turmush o‘rtog‘ining ta’siri beqiyosdir. Er ayoli uchun yaxshi libos bo‘lib, kamchiligini yashirib yaxshilik tomonlarini bo‘rttirib ko‘rsatsagina ayol ham unga monand libos bo‘ladi.

Sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda oila raxbarini mulohazali bo‘lishi, boshqalarga qaraganda uzoqni ko‘ra olishi avvalombor o‘ziga bo‘lgan ishonchni shakllanganligiga bog‘liqligini uylanish arafasida turgan hech bir yigit unutmasligi kerak.

 

Lutfulla TURSUNOV,

psixolog

 Manba
Категория: Psixalogiya haqida / psixolog maslahati | Просмотров: 1898 | Добавил: ADMIRAL | Теги: oila qurish, ruhshunos maslahatlari, uylanish, psixolog maslaati, uylanish haqida, oila qurish haqida, baxtli bo'lis, yigitlarga maslahatlar, baxt uyi | Рейтинг: 5.0/6

O'xshash Yangiliklar
Всего комментариев: 0
avatar
close