15:22
Sochlar jilosini uy sharoitida qaytarib bo‘ladimi?
Sochlar jilosini uy sharoitida qaytarib bo‘ladimi?

Sochlar salomatligini ularning tabiiy jilvasiga ko‘ra bilish mumkin. Vitamin yetishmasligi, turli zararli bo‘yoqlar, turmaklash kabi holatlar doim ham sochlarimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatavermaydi.

Sochlar “gullashi” va tez to‘kilishi kabi holatlarga ayollar ko‘p duch kelishadi. Uy sharoitida sochlar parvarishi unchalik ko‘p sarf-xarajat talab qilmaydi. Buning uchun birozgina vaqt va hafsala bo‘lsa, kifoya. Ba’zan sochni qo‘l ostingizdagi oddiygina vositalar bilan parvarishlash mumkin.

Quruq sochlar uchun

Soch quruqlashishining sababi: noto‘g‘ri parvarish, turli soch turmaklash vositalaridan ko‘p foydalanish. Soch parvarishi uchun vitaminli vositalardan foydalaning. Haftada 2 marta o‘simlik yog‘laridan A va Ye vitaminlariga boy niqoblar qiling.

Kanakunjut niqobi: quruq sochlarga jilva bag‘ishlaydi, tomirlarini mustahkamlab, soch “gullashi”ning oldini oladi. 2 osh qoshiq kanakunjut yog‘ini 1 choy qoshiq bodom yoki shaftoli yog‘i bilan aralashtiring. 2 osh qoshiq glitserin va 200 gr. qaynagan suv qo‘shing. Bu aralashmani uqalovchi harakatlar bilan bosh terisi va sochlarga surting. Polietilen qalpoqcha kiyib oling, ustidan isitilgan sochiq o‘rang. Bir soatdan so‘ng shampunь bilan yuving.

SOChLARNI YuMShATUVChI

Yalpizli yumshatuvchi: Sochlaringizni yarqiratadi, yumshatib, silliqlashtiradi. Sochlar “gullashi”ning oldini oladi.

Limono‘t yoki yalpizga 700 gr. qaynab turgan suvni solib, damlang. 30-40 daqiqa davomida tindiring. So‘ngra dokadan suzib oling. Sochlaringizni shampunda yuvib, shu damlama bilan chaying. Har qanday damlama bilan chaygandan so‘ng, sochdagi suv biroz silqigach, boshingizga iliq sochiq o‘rab oling. Shunda soch terisi damlamaning foydali moddalarini o‘ziga singdirib oladi.

Moychechakli niqob: sochlarni mustahkamlaydi va yumshatadi. 3 osh qoshiq moychechak gullarini bir stakan qaynagan suvda damlang. 40 daqiqa tindiring. Dokada suzib oling. 200 ml. lanolin (dorixonadan olish mumkin) bilan aralashtiring. Bug‘ ustida iliting va bosh terisiga surting. 40 daqiqadan so‘ng sochlaringizni iliq suv va shampunь bilan yuving.

“GULLA”MASLIGI UChUN

Sochlar noto‘g‘ri tarash natijasida, turmaklovchi asboblardan ko‘p foydalanganda “gullay” boshlaydi.

Piyozli niqob: bir dona o‘rtacha kattalikdagi piyozni qirg‘ichdan chiqaring, 2 osh qoshiq asal qo‘shing. Aralashmani sochlaringizga surting, ayniqsa, soch uchlariga ahamiyatli bo‘ling. Polietilen qalpoqcha kiyib, issiq sochiq bilan boshingizni o‘rab oling. 20 daqiqadan so‘ng sochlaringizni yuving va limon sharbati qo‘shilgan suvda chaying. Niqobni haftasiga ikki marta takrorlab turing.

ShIKASTALARNI DAVOLAYMIZ

Kimyoviy uslubda jingalak qilish, ko‘p bo‘yash sochlar shikastlanishiga olib keladi.

O‘simlik yog‘idan niqob: sochlarni mayinlashtiradi. 3-4 osh qoshiq o‘simlik yog‘ini bug‘da iliting va uqalovchi harakatlar bilan bosh terisiga surting. Polietilen qalpoqcha kiyib, ustidan sochiq bilan o‘rang. 40 daqiqadan so‘ng boshingizni yuving. Haftada 2 marotaba takrorlang.

Tuxumli niqob: sochni mustahkamlaydi. 2 ta tuxumga 2 osh qoshiq asal qo‘shing. Aralashmani sochlaringizga va bosh terisiga surting. Polietilen qalpoqcha kiying, ustidan sochiq o‘rang. 40 daqiqadan so‘ng iliq suvda shampunь bilan yuving. Haftada 1-2 marta takrorlang.

Sochlaringiz o‘sishini istasangiz, achchiq qalampirli tinitmadan ham foydalanish mumkin. U dorixonalarda sotiladi. Paxtani tinitmada ho‘llab, bosh terisiga surting. So‘ngra polietilen qalpoqcha kiyib oling. 10-15 daqiqadan so‘ng, bosh terisida yengil achishish sezganda boshingizni iliq suvda yuving. Faqat bu tinitmani sochingizga surtayotganda ko‘zlaringizni ehtiyot qiling, iloji bo‘lsa polietilen qo‘lqop kiyib oling.

Shirin AKBAROVA

 Manba
Категория: Go'zallik sirlari / Chiroyli bo'lish / Chiroyli qomat siri | Просмотров: 3083 | Добавил: ADMIRAL | Теги: sochni silliq qilish, sochlar jilosi, sochni gozallashtirish, sochlar haqida, to'kilishi, soch parvarishi, ayollar sochlari, sochni chiroyli qilish | Рейтинг: 5.0/18

O'xshash Yangiliklar
Всего комментариев: 0
avatar
close