18:47
Koka Kola va Pepsi ichimligi Halolmi? yoki Harom?
Koka Kola va Pepsi ichimligi Halolmi? yoki Harom?

Koka-kola va pepsi kabi ichimliklarni ichish haromligi borasida zamonamizning ba’zi ulamolari ayrim fatvolar chiqarganlar. Ammo mazkur fatvolar barcha uchun majburiy tabiatga ega emas. Sababi, birinchidan, bu masalada Islom olimlarining barchasi yakdil emas. Ikkinchidan, bu ichimliklarni harom deyishga sabab o‘laroq ko‘rsatilayotgan “hujjatlar” qat’iy harom deyish uchun kifoya qilarli darajada emas.

Mazkur dalil-hujjatlarning asosiylaridan biri sifatida bu ichimliklar tarkibida pepsin moddasining mavjudligi ko‘rsatilmoqda. Pepsin bu hayvon oshqozonining shirasidan olinadigan ferment bo‘lib, ovqat hazm qilishga yordam beradi. Bu modda tibbiyotda oshqozon-ichak kasalliklarini davolashda, shuningdek, pishloq ishlab chiqarishda ham qo‘llanadi.

Tarkibida pepsin mavjud bo‘lgan narsalarning haromligiga fatvo beruvchilarning da’volaricha, pepsin aynan cho‘chqadan olinadi. Biroq bu modda nafaqat mazkur hayvondan, balki qo‘y va qoramollardan ham va boshqa juda ko‘p xil hayvonlardan ham olinishi mumkin. Ya’ni, faqat cho‘chqadan olinadi, degan narsa yo‘q. Aksincha, ko‘plab mahsulotlarning yo‘riqnomasida mazkur modda qoramoldan olinganligi qayd etiladi. Vaholanki, agar pepsin va pankreatin kabi moddalar aynan harom hayvondan olingan taqdirda ham “istihola” va “istihlok” yo‘liga ko‘ra, ular iste’mol qilish muboh moddaga aylanib ketgan bo‘lardi. Ya’ni, asli najas va harom bo‘lgan moddalar ma’lum kimyoviy bosqichdan o‘tib, kimyoviy reaksiya va sintezga kirishib, o‘zining ilk va asliy holatidan farqli narsaga aylansa, ayni o‘zgarsa, ya’ni “istihola” etsa, uning avvalgi hukmi o‘zgaradi va mubohga aylanadi. Xamrning sirkaga aylanishi, turli yog‘larning sovunga aylanishi va ko‘plab holatlar bunga misol bo‘ladi.

Keyingi holat “istihlok” deb atalib, biror harom moddaning halol va muboh modda ichida mag‘lub bo‘lib, taloshiy etishi, erib bitishi tushuniladi. Bunga misol tariqasida fiqhiy kitoblarda tuz koniga tushib o‘lib qolgan eshak va ma’lum muddatdan so‘ng uning ham tuzga aylanib ketishini keltiradilar. Garchi bunga misollar hayotda juda ham ko‘pdir.

Koka-kola va pepsi kabi ichimliklarni harom deyilishiga sabab qilib ko‘rsatilayotgan narsalarning o‘zi qat’iy va sobit, isbotlangan narsalar emas. Zero, mazkur ichimliklarga qo‘shilishi da’vo qilinayotgan pepsin moddasi ularni ishlab chiqaruvchi shirkatlar tomonidan tasdiqlanmagan. Agar tasdiqlangan bo‘lsa, ularning aynan cho‘chqadan olinganmi, yoxud qoramoldan olinganmi, bunisi ham noma’lum. Ya’ni, qat’iy tarzda “cho‘chqadan olingan” degan xulosaga kelishga asos yo‘q. Bordiyu, cho‘chqadan olinganligi rasman tasdiqlangan taqdirda ham yuqorida aytilgan “istihola” va “istihlok” yo‘liga ko‘ra, ular mubohlik kasb etgan bo‘lardi.

Shuningdek, koka kola va pepsi ichimliklarida kuhul (alkogolь) moddasi borligi da’vo qilinadi. Bu ham isbotlanmagan da’vo bo‘lishi bilan birga, agar isbotini topgan taqdirda ham uning hukmi yuqoridagidek bo‘lardi. Ba’zi mahsulotlarda xom-ashyoni eritish uchun al-kuhul ishlatilishi mumkin. Agar bu ham ko‘p moddalarga qo‘shiladigan qo‘shimchalar singari asliy moddadan nisbati kam va arzimas miqdorda bo‘lib, “istihola” yoki “istihlok”ka uchragan bo‘lsa, bu bilan u aralashgan narsa harom bo‘lib qolmasligi haqida ko‘plab zamonaviy tadqiqotchilar va fiqhiy akademiyalarning fatvolari chiqqan.

Yana, ularda sog‘likka zarar borligi da’vo qilinadi. Lekin bu ham o‘z isbotini topmagan da’volardan biri. Zero, koka-kola yoki pepsining ochiq zarari bo‘lganda shu paytgacha butun olamga allaqachon ma’lum bo‘lib ulgurgan bo‘lardi. Holbuki, uning zarari ochiq va isbotlangan emas.

Albatta, har qanday muboh narsani suiste’mol qilsa, zararga aylanishi mumkin. Muboh taomni ham ko‘p yesa, inson uchun zaharga aylanadi. Koka-kolaning “zarari” ham shu qabilda yuzaga kelishi mumkin. Ammo shar’an harom etilishni taqozo etadigan darajada ochiq zararga egaligi isbotini topmagan.

To‘g‘ri, ba’zi roliklarda koka-kola ichimligi hattoki temirni ham, zanglarni ham birpasda eritib yuborishi, chayon kabi gazandalarni o‘ldirib qo‘yishi kabi holatlar internet maydonida ko‘plab aylanib yuradi. Ammo ne tongki, temirlarning zangini eritib yuboruvchi bu ichimlik oshqozonni bu tariqa eritib yubormayapti, insonni xuddi chayonni o‘ldirib qo‘ygandek o‘ldirib qo‘ymayapti.

Yuqorida tilga olingan pepsin moddasi qadimdan hayvonlarning oshqozonidagi shirasidan olingan bo‘lib, pishloq tayyorlashda qo‘llangan. Nabiy alayhissalomga Shom nasorolari tayyorlagan pishloqdan keltirilganda undan tanovul qilganlar. Sahobai kiromlar Fors diyorlarini fath qilganlarida majusiylar tayyorlagan pishloqlardan yeganlar. Vaholanki, ularning jonlig‘i harom hisoblangan.

Undan tashqari, jumhuri ulamo qoshidagi “الأصل في الأشياء الإباحة” ya’ni “narsalardagi asliy holat ularning mubohligidir” qoidasiga ko‘ra, toki, haromligi aniq sobit bo‘lmaguncha Alloh chiqarib qo‘ygan barcha ne’matlar halol hisoblanadi.

Bu yozilgan narsalarda dalil hujjatlar tafsilotiga kirishilmadi va biror jihatga qarama-qarshi mavqifni izhor qilish ham nazarda tutilmadi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, koka-kola, pepsi va boshqa gazli ichimliklarni qat’iyan harom deyish uchun dalil-hujjatlar yetarli emas. Yetarli bo‘magan va isbotini topmagan “hujjatlar”ga asoslangan fatvolar esa ilzomiy kuchga ham ega emas. Boz ustiga, bu masala ulamolar o‘rtasida ixtilofli bo‘lib, mazkur ichimliklarni muboh deguvchilarning hujjati har jihatdan og‘ir bosadi.

Koka-kolani zo‘r berib harom deyishga oshiqadigan yana bir toifa esa internetda ko‘p tarqalgan va ushbu ichimlik logotipini oynaga qaratib o‘qiganda paydo bo‘ladigan arabcha yozuv va go‘yoki u yozuv Islom ta’limotiga zid bo‘lgan ma’noni anglatadi degan da’voni ilgari suruvchi roliklarga ham tayanadilar. Lekin bu ham ilmsiz bekorchilar o‘ylab topgan kulgili absurdlardan biri ekanligi aql egalariga ravshandir.

Shu o‘rinda, marhum Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining koka-kola ichimligi haqida berilgan savolga nisbatan so‘nggi so‘zlarini ilova qilishni lozim topdim:

“Ko‘p joylarda, deyarli hamma joylarda “Koka-kola”, “Pepsi-kola”lar ichiladi, sotiladi. Musulmon o‘lkalarida bu narsa doimiy ravishda ko‘zga ko‘rinib turadigan narsa. Shubha qilayotganlar aniq bir hujjatga, dalilga ega emas. Ba’zi bir gazetalarda, boshqa joylarda har xil gaplar tarqatildi, yozildi, lekin uni ulamolar ko‘pchilik musulmonlar jiddiy bir e’tiborga olganlari yo‘q. Ana shuning uchun bu ichimlik hozir ham bor, ichilib turibdi. Bir narsa noto‘g‘ri ekanligi, xarom ekanligi xujjat dalil bilan sobit bo‘lmaguncha demak uning to‘g‘risida qat’iy bir gap aytish qiyin bo‘ladi. O‘ta shubha qilayotganlar yoki o‘z shaxslarida bilib, tushunib yetgan bo‘lsalar, o‘zlarini tiysinlar, ichmasinlar, haqlari bor, buni hech kim to‘sa olmaydi” (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf).

* * *

So‘zimning oxirida har qanday masalada chuqur ketish va g‘uluvga yuz tutishdan qaytaruvchi hadisi sharifni eslatmoqchiman.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uch marta “هلك المتنطعون” ya’ni “chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar, chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar, chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar!”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Alisher Sultonxo‘jayev,
Toshkent Islom instituti mudarrisi

 Manba
Категория: Antiqa qiziqarli malumotlar / ajoyib xabarlar | Просмотров: 3864 | Добавил: ADMIRAL | Теги: hadislar, antiqa.uz, pepsi ichin xarommi, pepsi halolmi, islom, rivoyatlar, qiziqarli malumotlar, maqolalar, xalollik to'g'risida, cola ichimliklari | Рейтинг: 5.0/11

O'xshash Yangiliklar
Всего комментариев: 0
avatar
close