12:34
Farzandingiz suratini internetga joylamang!
Farzandingiz suratini internetga joylamang!

Ijtimoiy tarmoqlar asrida ko‘pchilik o‘zining, oila a’zolarining suratlarini internetga joylab, naqadar baxtiyor ekanini, bolalarini qanchalar yaxshi ko‘rishini shu tariqa boshqalarga ham namoyish qilmoqchi bo‘lishadi. Bu rasmlarga yozilgan “Dam olishlar zo‘r-u, a!?”, “Voy, muncha asal qizcha ekan!”, “O‘o‘o‘, polvon bola bo‘lsin…” singari izohlar, ularga qo‘yilgan “layk” va “klass”lar esa surat-post qo‘yuvchilarning aksariyatiga o‘zgacha bir qoniqish hissi bag‘ishlaydi.

Biroq eng xavfli odamlar ham bugungi kunda zamonaviy yo‘l tutib, o‘z g‘arazli niyatlarini amalga oshirish uchun aynan internet orqali harakat qilishga o‘tishganligini ko‘pchilik o‘ylab ham ko‘rmaydi.

AdMe.ru sayti farzandlarimiz xavfsizligini ta’minlashimizga yordam beruvchi, internet va suratlar bilan aloqador choralar ro‘yxatini taqdim etgan.

Eslatib o‘tamiz, bu – vahimaga tushib, bolalaringizni butunlay yashirib qo‘yishingiz shart, degani emas. Faqat oqilona yo‘l tuting va chegarani biling, demoqchimiz, xolos.

Suratlarda geolokatsiyani belgilamang

Bolangiz tez-tez borib turadigan, ko‘p bo‘ladigan joylar haqidagi ma’lumotlarni, xususan, geolokatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qilmang. Maktab bo‘ladimi, sportzal yoki bichish-tikish to‘garagimi – uning nomini va joylashuv o‘rnini ma’lum qilmay qo‘yaqolgan ma’qul. Yomon niyatli kimsalar bu ma’lumotlarni kuzatib borib, bola asosan qayerlarda bo‘lishini aniqlab, biror nojo‘ya harakatni boshlashi mumkin.

Bolaning qiziqishlarini ko‘rsatuvchi fotolarni tarqatmang

Farzandingiz nimalarga qiziqishini bilgan yomon niyatli kimsa ko‘cha-ko‘yda uni tanib qolsa, osongina aldab, qiziqtirib olib qochishi mumkin. Baribir bola sodda bo‘ladi, g‘araz maqsadli kishilar uni qiziqtirgan narsa – mashinalar, qo‘g‘irchoqlar, kiyim-kechaklar bilan osongina avrashi hech gap emas.

Rasmiy ma’lumotlar mavjud rasmlarni ko‘rsatmang

Bu maslahatimizni ortiqcha, deyapsizmi? Ammo pasportining viza qo‘yilgan sahifasini, bolasining faxriy yorlig‘i yoki diplomini, yo bo‘lmasa boshqa biror hujjatini internetga qo‘yib maqtanadigan kishilar ham talaygina. Afsuski, bolaning to‘liq ismini, hujjat raqamini qo‘lga kiritib, uning qayerda yashashi va o‘qishini aniqlash unchalik ham mushkul emas.

Mashina yonidagi kichkintoy surati…

Bu ma’lumotni internetda oshkor etmaslik nafaqat bolakay uchun, balki uning ota-onasi uchun ham muhim. Jinoyatchilarga ma’lumot taqdim etish bilan birga, siz o‘zingizni ham fosh etib qo‘yasiz. Masalan, yuqoridagi suratda ko‘rsatilgan ota-onalar, farzandlari bilan «mashina o‘yini o‘ynalgan» ushbu rasmni ijtimoiy tarmoqqa joylagach, yo‘l harakati qoidalarini buzganliklari va bolalarini xavf-xatarga qo‘yganliklari uchun jinoiy javobgarlikka tortilganlar.

Bolalarning yarim yalang‘och suratlarini namoyish etmang

Albatta, bu kabi rasmlardagi kichkintoylaringiz o‘zingizga va yaqinlaringizga juda yoqimtoy tuyulishi aniq. Biroq nosog‘lom ruhiyatli ayrim kimsalar ularga mutlaqo boshqacha nazar bilan qarashlari mumkinligini yodda tuting!

Bolani kelajakda uyaltirib qo‘yadigan fotolarning keragi yo‘q

Aftidan, har birimizning ham bolalikdagi shunaqa suratlarimiz bor bo‘lsa kerak – unga bugun qarab turib, o‘zimiz ham xijolat bo‘lamiz. Shuni ota-onamiz nima uchun rasmga tushirishgan o‘zi, deya o‘ylanamiz. Yaxshiyamki, baxtimizga bizning bolaligimizda internet yo‘q edi, shu sababli bu suratlarni faqat yaqinlarimizgina ko‘rishgan. Endi o‘ylab ko‘ring: hozirgi bolajonlarning ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilgan rasmlarini butun dunyo ko‘rishi, saqlab olib qo‘yishi mumkin. Bola ulg‘aygach esa o‘sha rasmlarini unga qarshi, kalaka qilish maqsadida qo‘llamasliklariga kafolat yo‘q-ku! Masalan, bu kabi suratlarini yuziga solishlar o‘smirlik yoshidagi bolalar ruhiyatiga o‘ta salbiy ta’sir etadi va qalbida bir umrlik jarohat bo‘lib qoladi.

Birovning bolasini namoyish etmang

Kichkintoyingizning o‘z sinfdoshlari, qo‘shnilarning bolalari bilan birga tushgan rasmlari ham bo‘lsa kerak, albatta. Shularni ijtimoiy tarmoqqa qo‘yishdan oldin o‘ylab ko‘ring – bunga ularning ota-onalari nima deydi? Birovning bolasi haqidagi ma’lumotlarni internetga chiqarishga ma’naviy jihatdan haqqingiz yo‘qligi hamisha yodingizda tursin.

Yodda tuting: bolaning suratini ijtimoiy tarmoqqa joylasangiz, garchi uni faqat o‘z “do‘st”laringiz ko‘radigan bo‘lsa-da, shu ondan boshlab u rasm sizniki emas. Endi uni istagan odam ko‘chirib olib, o‘zi xohlagan maqsadda foydalanishi mumkin. Axir, bolalarimizning xavfsizligi biz uchun eng muhimi emasmi?

 Manba
Категория: Bolalar salomatligi / bola tarbiyasi | Просмотров: 1469 | Добавил: ADMIRAL | Теги: bolalar salomatligi, bolalar haqida, farzand, bolani tarbiyalash, onalarga maslahatlar, qiziqarli malumotlar, bolalar tarbiyasi, foydali maslahatlar | Рейтинг: 5.0/5

O'xshash Yangiliklar
Всего комментариев: 0
avatar
close