13:31
Botoks nima? uning foydasidan zarari ko'pmi?
Botoks nima? uning foydasidan zarari ko'pmi?

Esimda, bolaligimda buvijonim siyrak qoshlarimga o‘smadan ingichka yoysimon chiziq tortib: “Ana, endi qoshlaring o‘sma suviga qonib, qalinlashadi”, derdilar. Bir gal sochlarimga xina, keyingi safar qatiq chaplab qo‘yardilar. Sumalak tayyorlayotganlarida bug‘doy suvidan yuzimizga surtardilar. “Pardoz uchun kimyoviy mahsulotlarni ishlatmanglar, ularning foydasidan zarari ko‘p”, derdilar.

Bugun pardoz vositalari kosmetologiyaning ilg‘or texnologiyalari bilan boyimoqda. Nimjon, siyrak qoshlarni, kipriklarni qoraytirish, quyuqlashtirish orqali “go‘zallik” yaratish muammo bo‘lmay qoldi. Bunday soxta go‘zallikning salbiy oqibatlari haqida har qancha gapirilmasin, yozilmasin, bilib-bilmay uning ortidan ergashib borayotganlar, afsuski, kam emas.

Kosmetologiya yutuqlaridan biri, deya e’tirof etilayotgan botoks ham ko‘pchilikni o‘ziga tezda “rom” etdi.

“Sochimni turmaklatgani go‘zallik saloniga borgan edim. Sartarosh yuzlarimga sinchiklab qarab turdi-da, ajinlarimni sanay ketdi. O’zimni birzumda keksayib qolgandek his etdim. Undan, ajinlardan qanday qutulsam bo‘ladi, deb so‘ragandim, botoks muolajasini tavsiya etib, arzon narxga o‘z xizmatini taklif qildi. Kim ham yosh va go‘zal ko‘rinishni istamaydi, deysiz?! Men bajonidil rozi bo‘ldim. Biroq muolaja men kutgan natijani bermadi. Ko‘zim atrofidagi ajinlarni yo‘qotish uchun yuborilgan in’ektsiya aks ta’sir ko‘rsatib, qovoqlarim osilib, yuzimning terisi o‘ta ta’sirchan bo‘lib qoldi. O’ylamay qilgan ishimdan qattiq pushaymon bo‘ldim. Afsuski, endi kech…” deb yozibdi bizga yo‘llagan maktubida Shoira ismli ayol.

“Botoks nima o‘zi, bu haqda to‘liqroq ma’lumot bering. Bu muolajani amalga oshirsam, chindanam yosharib ketamanmi?” deb so‘raydi yana bir maktub egasi Noilaxon.

Tahririyatimizga shunday mazmunda ko‘plab murojaatlar bo‘layotgani bois bu pardoz usuli haqida kengroq ma’lumot berishni joiz topdik.

Botoks nima?

Mazkur preparat botulin toksinidan tayyorlanadigan kuchli zahar hisoblanadi. U yuz terisi ostiga yuborilgach, yuz mushaklari falajlanib, harakatdan to‘xtaydi. Natijada go‘zalligimizga soya solib turuvchi ajinlar tekislanadi.

Necha yoshdan tavsiya qilinadi?

Tibbiyotda ham, zamonaviy kosmetologiyada ham bu muolajani ma’lum bir yoshdan boshlab amalga oshirish mumkin, degan qat’iy ko‘rsatma mavjud emas.

Muolajani kim bajaradi?

Mazkur muolajani kosmetolog emas, shu sohaning yetuk mutaxassisi, oliy toifali shifokor bajarishi maqsadga muvofiqdir. Chunki yuzda ko‘plab uzun va ingichka mushaklar bo‘lib, ularning to‘g‘ri va aniq joylashuvini faqat malakali shifokorgina aniqlay oladi. Noto‘g‘ri yuborilgan in’ektsiya turli noxush oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, burun atrofidagi mayda ajinlarni yo‘qotish uchun yuborilgan in’ektsiya biroz me’yoridan oshib ketsa, insonning yuqori labi harakatsiz holatga kelib qolishi mumkin. Noto‘g‘ri muolaja natijasida tabiiy ko‘rinishini yo‘qotgan tana a’zolarini asl holiga qaytarish usuli hali o‘ylab topilmagan.

Cheklovlar bormi?

Albatta, bor! Agar yuzda yiringli toshma, husnbuzar, gerpes, uchuq bo‘lsa, bunday muolaja tavsiya etilmaydi. Homilador va emizikli ayollar, hayz ko‘rgan xotin-qizlar ham bu muolajadan saqlanganlari ma’qul. In’ektsiya qabul qilingan paytda aspirin, tetratsiklin kabi dorilar iste’moli ham jiddiy xavf-xatarlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Samarasi qachon seziladi?

Samarasi ikki haftada to‘la-to‘kis namoyon bo‘lib, uning ta’siri to‘qqiz oygacha saqlanib qoladi. In’ektsiya ta’sirida falajlangan mushaklar 4 oydan so‘ng tiklana boshlaydi. Shu bois botoks samarasini uzoq vaqt saqlab qolish uchun yil davomida 2-3 marta in’ektsiya yuborish kerak bo‘ladi.

Samarasi sezilmasa-chi?

Ha, ba’zan shunday holatlar ham kuzatiladi. Lekin qaytadan muolaja olishning foydasi yo‘q. Chunki tana bu in’ektsiyani qabul qilmagan bo‘ladi.

Teri parvarishi muhim

Muolajadan keyin terining taranglashganini yaqqol sezish mumkin, lekin teri osti kataklarida yosh bilan bog‘liq o‘zgarishlar jarayoni davom etaveradi. Shuning uchun yumshatuvchi, quyoshdan himoyalovchi, teri parvarishi uchun foydali bo‘lgan maxsus shifobaxsh niqoblardan foydalanish kerak. Biroq ayrim issiq niqoblar, kompresslar, issiq hammom va saunalar tavsiya etilmaydi.

Botoks – mo‘‘jiza, ammo…

Botoksning birgina yutug‘i, juda qisqa muddatda o‘z samarasini ko‘rsatadi. Biroq takror-takror yuborilganda yuz chizgilari asta-sekin yo‘qola boshlaydi. Bundan tashqari, ajinlar tekislanganda teri tortiladi. Bu ko‘rinish yarim yilgagina yetadi, cho‘zilgan teri esa avvalgi holatiga qaytmaydi. Demak, yuz terisida botoksdan so‘ng avvalgidan ham ko‘proq ajinlar paydo bo‘ladi.

Botoks in’ektsiyasi “qurbonlari” ayniqsa, bo‘yinning nozik terisini katta sinovlarga duchor qiladilar. Botoks muolajasini amalga oshirganlar avvaliga yosharib ketgandek bo‘ladilar. Ammo ishoning, bu “yoshlik”ning umri qisqa, oqibati esa…

Adolat FAYZIYEVA tayyorladi

 Manba
Категория: Go'zallik sirlari / Chiroyli bo'lish / Chiroyli qomat siri | Просмотров: 7624 | Добавил: ADMIRAL | Теги: go'zallik sirlari, botoks nima, kosmetologiya, botoks haqida, chiroyli bo'lish zararsiz go'zal bo, botoks foydalimi, foydali, botoks zararlimi | Рейтинг: 5.0/19

O'xshash Yangiliklar
Всего комментариев: 0
avatar
close