13:27
Bolangizni enagasi kim?
Bolangizni enagasi kim?

Ko‘p qavatli uyda yashasak-da, qo‘shnilar bilan juda ahilmiz. Kimning uyiga mehmon keldi, kimning bolasi betob, barchasidan xabardormiz. Bir-birimizdan mehrimizni, yordamimizni ayamaymiz.

Keyingi kunlarda qo‘shnimiz Nodira opaning 11 yoshlar chamasidagi o‘g‘li uch nafar notanish bolalarni tez-tez hovliga aylantirgani olib chiqadigan bo‘lib qoldi. Qiziqsinib bolakaydan: “Uyingizga mehmonlar kelishdimi?” – deb so‘radim.

– Yo‘q, oyim bu bolalarga enagalik qilyaptilar. Hozir o‘zlari uyda yo‘qlar, bozorga ketganlar.

Bola dardini kimga aytishni bilmay turgan ekanmi, ko‘zlarini javdiratgancha:

– Mana shu bolalarni deb, darslarimga ulgurolmayapman, ularni ko‘chaga olib chiqib o‘ynatishim, uyda esa to‘polon qildirmay o‘tirishim kerak. Charchab ketdim, – dedi. Uning yelkasiga og‘ir yuk ortilgandek xo‘rsinishi yuragimni ezib yubordi.

Onasining o‘rniga vaqtincha “enagalik” qilayotgan bolani bekor gapga solibman. Ikki-uch qadam nariroqda o‘ynayotgan “tarbiyasida”gi bolalardan biri tuproqqa yuztuban yiqilib, burnidan tirqirab qon oqa boshladi. Bola “aya-aya”lab chinqirib yig‘lardi. Unga achinganimdan bolalarning onasini ham, ularga enagalik qilish mas’uliyatini bo‘yniga olsa-da, bozorma-bozor yurishini kanda qilmaydigan Nodira opani ham, “enaga”ni gapga solganim uchun o‘zimni ham yomon ko‘rib ketdim.

Keling, mavzuga chuqurroq kirishdan avval, tarixga bir nazar solaylik. Qadimdan ajdodlarimiz farzand tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratib, enagalikka oqila, fozila, ilmli ayollarni yollashgan. Shu o‘rinda donoligi bilan tilga tushgan Boburiy malika Xonzodabegimning farzand tarbiyasiga yondashuvini eslaylik. Shayboniyxon 1506 yilning 15 noyabrida Balxni egallab, qobiliyatli o‘g‘li Xurramshohni bu shaharga hokim qilib tayinlaydi. “Musaxxir il-bilod” asari muallifi bu haqda shunday yozadi: “Yosh bo‘lgani uchun ul shahzodaning enagasi mansabiga Qanbar mirzo ko‘kaltosh tayinlandi. Ul yaxshi xislatli amir hamisha o‘z marhamati va adolati soyasini mazkur viloyat aholisi boshi uzra yoydi. Shuning sharofatidan butun Balx mamlakati obodonchilik va farovonlik topdi. Oliy martabali shahzoda Xurramshoh doimo soyadek enagasi uzangisi xizmatida yurar, hech qachon uning buyrug‘i va farmonini bajarmasdan qolmas, hech bir so‘zini ikki qilmas edi…” deydi. Bundan ko‘rinadiki, enagalik xizmati azaldan mavjud bo‘lgan. Ammo bugungi kunda-chi? Biz bolalarimizga haqiqiy onalik mehrini bera oladigan enagalar xizmatidan foydalanyapmizmi?

Keling, shu o‘rinda internet orqali bo‘lib o‘tgan enagalik xizmatiga doir savol-javoblarni keltiraylik:

– Assalomu alaykum, bolamga qarab turish uchun enaga izlayotgandim…

– Tushunarli, oldindan aytib qo‘yay, mening xizmatim sal qimmatroq, hamyoningiz ko‘tarsa, gaplashamiz.

– Qimmatligining sababini bilsam bo‘ladimi?

– Birinchidan, men juda sarishta va ozoda ayolman, ikkinchidan bola parvarishi borasida yigirma yillik tajribam bor.

– Xo‘p, bir oylik xizmat haqingiz qancha bo‘ladi?

– Uch yuz AQSh dollari bo‘ladi. Shuningdek, bolangiz yeb-ichadigan hamma mahsulotlarni va pampersini olib kelasiz.

* * *

– E’lon bo‘yicha telefon qilayotgandim…

– Hm, qaerda ishlaysiz?

– Talabaman…

– Yo‘q, men talabalarning bolasiga qaramayman.

– Nega?

– Ular haqingizni stipendiya olganimda beraman, deb cho‘zib yurishadi…

* * *

– Ikki yoshdan oshgan qizchamga qarab tursangiz degandim.

– Kuniga yigirma ming so‘mdan to‘laysiz.

– Xo‘p, lekin sizga shuncha pul to‘laganimga yarasha bolamga qanday tarbiya berishingizni bilishim kerak.

– Bola ishtonini ho‘llab qo‘ymaydimi?

– Ba’zan…

– Demak, har kuni pampers olib kelasiz. Aytib qo‘yay, men yana ikki bolaga ham qarayman. Agarda ular bir-biri bilan urishib qolib, u-bu joyi tirnalsa, shikoyat qilmaysiz…

Sizni bilmadimku-ya, ammo men o‘zlarini enagalik maqomida ko‘rayotgan bu ayollarda zarracha onalik mehrini sezmadim. Ular uchun birinchi masala – pul. Bola necha yoshda, nimalarga qiziqadi, qanday ovqatlanadi, kun tartibi qanaqa kabi savollar ularni mutlaqo qiziqtirmadi. Axir, farzand tarbiyasi faqat qornini to‘ydirishu tagini quruq tutishdan iborat emas-ku! Qolaversa, bu ayollarning shaxsi kim, farzand tarbiyasiga ma’naviy haqlimi, bular ham mavhum.

Xudbinlikning tug‘ilishi

Enagalar orasida o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashadiganlari ham talaygina. Shunday bo‘lsa-da, farzandlarning o‘z onalari bag‘rida ulg‘ayishlari tarafdorimiz. Enaga xizmatidan foydalanishni sharoit taqozo etsa, nailoj?! Go‘dagini enagaga topshirayotgan onalar psixolog Laylo Shodievaning quyidagi maslahatlarini bilib qo‘yishsa, zarar qilmaydi:

– Agarda uy yumushlaridan tashqari boshqa faoliyat bilan ham mashg‘ul bo‘lgan onaning bolasi hali bog‘cha yoshiga yetmagan bo‘lsa, u enaga xizmatiga ehtiyoj sezadi. Bunda avvalo, bola parvarishiga kirishmoqchi bo‘lgan ayol bilan ona suhbatlashishi lozim. Uning farzandlari, oilasidagi muhitning sog‘lomligiga ishonch hosil qilishi kerak. Shuningdek, ona enaganing salomatligi haqida shifokorning tibbiy xulosasini talab qilishga ham haqli. Enaganing asli kasbi pedagog bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur!

Bola tarbiyasi bilan shug‘ullanadigan ayol yuqoridagi barcha talablarga mos kelishi mumkin. Ammo bola-chi? U qanday ulg‘ayadi? Psixologlarning bu boradagi tadqiqotlariga ko‘ra, enagalar qo‘lida tarbiya topayotgan bolalarning aksariyati odamovi, jamoaga u qadar singishib ketmaydigan, xudbin bo‘lib ulg‘ayishi mumkin ekan. Boboyu buvisining qo‘lida yoki maktabgacha tarbiya muassasalarida ulg‘ayayotgan bolalar esa kirishimli, erkin fikrlaydigan o‘g‘il-qizlar bo‘lib voyaga yetishi isbot talab qilmaydigan haqiqat!

Bugun kuch-quvvati, salomatligi bo‘lsa-da, ota-onasini boqdim, bo‘ldi-da, deya gap-gashtaklardan bo‘shamaydigan ayrim buvijonlarga qarata: “Mevasidan danagi shirin” emasmi? Nabiralaringizning ma’naviy, jismoniy sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi manfaatdorlik yuzasidangina ularni parvarishlayotgan enagalardan ko‘ra ko‘proq sizni qiziqtirishi kerak-ku, degimiz keladi. Bu mulohazalarimiz onalar, enagalikka da’vogar ayollar va buvilar davrasida davom etishiga ishonamiz.

Navbahor RAHMONOVA

 Manba
Категория: Bolalar salomatligi / bola tarbiyasi | Просмотров: 865 | Добавил: ADMIRAL | Теги: bolani tarbiya qilish siri, farzandni tarbiyalash, bolalar salomatligi, onalarga maslahatlar, bola tarbiyasi, eng kerakli malumot, foydali maslahatlar | Рейтинг: 5.0/3

O'xshash Yangiliklar
Всего комментариев: 0
avatar
close