16:59
Avtomobil moyini to‘g‘ri tanlash va almashtirish
Avtomobil moyini to‘g‘ri tanlash va almashtirish

Avtomobil “yuragi” hisoblangan dvigatelning uzoq muddat beminnat xizmat qilishi motor moyini to‘g‘ri tanlash va uni o‘z vaqtida almashtirib turishga chambarchas bog‘liq. Ko‘pchilik yangi haydovchilar bu haqda yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lmasa kerak. Shu bois navbatdagi maqola mavzusini motor moyini tanlash va uni almashtirishga bag‘ishladik.

Bu borada har bir haydovchi bilishi kerak bo‘lgan birinchi qoida — motor moyi avtomobil ishlab chiqaruvchilari talablariga to‘la-to‘kis mos kelishi kerak. Bunda sotuvchi, usta yoki boshqalarning fikri ikkinchi darajada turadi. Endi esa, keling, motor moyi tanlash borasidagi boshqa ma’lumot va tavsiyalarni e’tiboringizga havola etsak.

Motor moyi avtomobil rusumi, haydash joyining shart-sharoitlari, iqlimi, ob-havosi, avtomobilning yangi yoki eskiligi singari turli omillarga qarab tanlanadi. Odatda yangi avtomobillarga dillerlik xizmatlarida tavsiya etilgan motor moyi quyilgan bo‘ladi va bu haqda xizmatlar daftarchasiga qayd etiladi. Keyingi o‘rinlarda ana shu qaydga mos motor moyi quyilaveradi. Agarda bunday daftarcha mavjud bo‘lmasa, kerakli ma’lumotlarni avtomobil ishlab chiqaruvchilarning rasmiy vakillari yoki ayni shu rusumdagi avtomobillarga ehtiyot qismlari yetkazib beruvchi rasmiy dillerlardan ham olish mumkin.

Motor moyi sifati va qayishqoqlini qanday bilish mumkin?

Motor moylari sifati va boshqa ko‘rsatkichlarini baholashda xalqaro me’yorlarga e’tibor qaratish muhim. Motor moyi sifatini API yoki ACEA toifa ko‘rsatkichlari bilan belgilansa, uning qayishqoqligi SAE toifasida aniqlanadi. Masalan, SAE 10W-40 toifadagi motor moyida 10W qish mavsumini anglatib (W — ingliz tilidagi WINTERdan olingan), bunday motor moyidan qishda foydalanish mumkinligini bilib olish mumkin. 40 esa motor moyi yuqori haroratli muhitda ham foydalanish mumkinligini bildiradi. Ko‘rinib turibdiki, ushbu toifadagi motor moyidan yil o‘n ikki oy foydalanish mumkin. Biroq bu ko‘rsatkichlar ham havo harorati darajasiga qarab turlicha bo‘lishi mumkin. Deylik, motor moyida 0W ko‘rsatkichi bo‘lsa, -30 daraja va undan sovuq haroratga mo‘ljallanganini anglatadi. 5W -25, 10W -20, 15W -15, 20W -15 darajagacha sovuqda foydalanish mumkinligini bildiradi.

Bir narsani unutmaslik lozimki, motor qo‘shilgan vaqtida ma’lum muddat moy nasosi moylanish kerak bo‘lgan qismlarga moy yetkazib berishi uchun ma’lum muddat talab etiladi. Bu qisqa vaqt ichida motor moysiz harakatlanib turadi. Motor moyining qayishqoqligi past darajadagi haroratga qanchalik chidamli bo‘lsa, u shunchalik tez motor bo‘ylab yoyiladi va dvigatel himoyasiga kirishadi. Ayni qish chillasida harorat motor moyi ko‘rsatkichlaridan tushib ketsa, bu dvigatelning buzilishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun mutaxassislar 0W toifali qayishqoqlikka ega motor moyini tavsiya etishadi.

Qaysi motor moyi ma’qul: sun’iy yoki tabiiy?

Sun’iy va tabiiy motor moyining asosiy farqi motor moyi asosini tashkil etuvchi moddaning molekulyar qurilishida. Sun’iy motor moyi molekulalari dvigatel uchun eng maqbul holatda shakllantiriladi. Bunday motor moylari tabiiylaridan kimyoviy jarayonlar va haroratga yuqori darajada chidamliligi bilan ajralib turadi. Kimyoviy bardoshlilik deganda sun’iy motor bilan ishlayotgan dvigatelda turli kimyoviy zararli jarayonlar ro‘y bermasligini tushunish mumkin.

Masalan, motorning foydalanish davomiyligini qisqartiruvchi oksidlanish, parafinlashish va hakozo. Haroratga chidamliligi esa turli darajadagi havoda ham qayishqoqlikning saqlanib qolinishini anglatadi. Bunda sovuq qishda ham motor oson va xavfsiz o‘t oladi, shu bilan birga, qattiq issiq, katta bosim va zo‘riqishlarda ham motorning me’yorida ishlashini ta’minlaydi. Sun’iy motor moylarining molekulyar tuzilishi ularning oquvchanligini ham ta’minlaydi.

Moyni almashtirish muddatlari

Quyidagi holatlarda motor moyining foydalanish muddati (bosib o‘tiluvchi masofa) 50 foizga qadar qisqarishi mumkin:

  • tuproq yo‘llarda;
  • uzoq muddat past haroratda haydashda;
  • o‘ta qisqa masofalarga haydashda(odatda shahardagi tiqilinch va svetoforlar sharoitida);
  • tez-tez yoki uzoq muddat bo’shga olib (“xolostoy” holatda) yurishda;
  • avtomobildan juda kam foydalanilganda;
  • tez-tez boshqa ulov yoki aravalarni tirkash yoki avtomobil imkoniyatlaridan maksimal foydalanilganda;
  • “sho‘rlagan” ko‘chalarda;
  • Yonilg‘i sifati past bo‘lganda.

Shuni unutmangki, qimmatbaho sun’iy motor moylari reklamasidagi uzoq masofalik intervallar har qanday avtomobil rusumiga ham to‘g‘ri kelavermaydi. Masalan, motor moyi yorlig‘ida 30 ming kilometr masofaga kafolat berilgan bo‘lsa, bu yangi va zamonaviy avtomobillar uchun, belgilangan sharoitdagina to‘g‘ri kelishi mumkin. Eski jiguli va volga bunday motor moyi bilan ishlab chiqaruvchi belgilab berganidek 5-10 ming kilometr masofani bosib o‘ta oladi xolos. Bundan ortig‘i dvigatelning ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin.

 Manba
Категория: Antiqa avtomobil olami / mashinalar haqida | Просмотров: 21123 | Добавил: ADMIRAL | Теги: mashina yog'ini qanday almashtiradi, aptol almashtirish, avtomobilni to'g'ri haydash, mashinalar olami, qiziqarli malumotlar, mashinalar haqida, foyda | Рейтинг: 5.0/12

O'xshash Yangiliklar
Всего комментариев: 0
avatar
close