11:14
Amazonkalar qayerda yashagan? Yoxud ayollar saltanati haqidagi afsona va haqiqatlar
Amazonkalar qayerda yashagan? Yoxud ayollar saltanati haqidagi afsona va haqiqatlar

«Agar biz bu qo‘shinni yenga olsk, hech qanday shon-shuhhratga ega bo‘lolmaymiz. Agar biz ulardan yengilsak, abadul-abad sharmandalik tamg‘asidan qutulolmaymiz!”

Shiddatli jang oldidan buyuk sarkarda Iskandar Maqduniyning o‘z askarlariga qarata aytgan bu so‘zlari barchani o‘yga toldirgandi. Ha, shu paytgacha ne-ne qudratli lashkarni tutdek to‘kkan buyuk Iskandar armiyasi bu gal g‘alati sarosima ichida qolgandi.

Axir, ularni ertangi jangda tish-tirnog‘igacha qurollangan baquvvat, qudratli yigitlar emas… ayollar armiyasi, boshqacha aytganda, “amazonkalar” armiyasi  kutmoqda edi. Iskanlarning bu andishasi ham bejiz emasdi!

Matriarxal davr in’ikosi

…Amazonkalar mavzusi azaldan ko‘pchilikni qiziqtirib kelgan. Bu borada qadimgi dunyoning mutafakkkirlari Homer, Ovidiy, Vergiliylar ham o‘z mulohazalarini aytib o‘tishgan. Yunonistonning mashhur haykaltaroshlari ularning go‘zal va navqiron haykallarini ishlashgan.

Amazonkalar mavzusi bugungi kunda ham olimlarning yechilmas bahs mavzularidan biri bo‘lib kelayotir. Kimdir ularni chindan ham yashab o‘tgan, desa, boshqalar bu shunchaki afsona deyishdan nariga o‘tmaydi. Xo‘sh aslida-chi? Ular afsonami yoki haqiqat? Axir har qanday afsona zamirida ham oz bo‘lsa-da, haqiqat uchqunlari yashaydi-ku?

Uzoq o‘tmishni tadqiq etgan mutaxassislar bir zamonlar Yer yuzidan ayollar hukmron bo‘lgani, ya’ni matriarxal jamiyat hukm surganini aytishgan. Ibtidoiy bu tuzumda jamoaning hayot kechirishi, tirikchiligi, ro‘zg‘ori, naslni davom ettirishi uchun yetakchilik ayollar qo‘lida bo‘lgan. Binobarin, amazonkalar ham ana shu davrda yashagan bo‘lishi mumkin degan taxminlar bor.

Yunon mualliflarining yozishicha, amazonkalar ot chopishda, jang qilishda, kamondan o‘q otishda hatto erkaklarni ham dog‘da qoldirishgan. Ularning o‘z saltanati, jamoasi bo‘lgan. Bu yerda erkaklarni sig‘dirishmagan. Faqat yildan bir marta avlodni davom ettirish maqsadida qo‘shni qabilaning erkaklari bilan uchrashib turishgan. Tasodiy “uchrashuv” natijasida o‘g‘il tug‘iladigan bo‘lsa, uni otasiga jo‘natishgan yoki o‘ldirishgan. Qiz bo‘lsa, o‘zlarida olib qolishgan.

Amazonka degani?
“Amazonka” so‘zining kelib chiqishi haqida ham turli qarashlar mavjud. Ba’zilar  bu so‘z qadimgi yunon  tilida “ko‘kragi yo‘q” degan ma’noni bildiradi degan taxminni ilgari surishadi. Afsonalarga ko‘ra, ular jangda, o‘q otishda  xalal bermasligi uchun o‘ng ko‘kraklarini o‘smirlik paytidayoq kuydirib tashlasharkan. Boshqa bir guruh bu so‘z qadimgi fors tilidagi “ha mazan” – ayol jangchi so‘zlaridan olingan deyishadi.

Boshqa bir guruh tadqiqotchilar “amazonka”larning hozirgi Turkiya hududidagi Amasiya o‘lkasida yashagani, ularning nomi ham ana shu hudud nomidan olinganini aytishadi. Ushbu mamlakatdagi izmir, Efes singari shaharlar bir paytlar aynan “amazonkalar” tomonidan qurilgani ham taxmin qilinadi.

Qadimgi yunon shoiri Homer o‘zining “Iliada” dostonida amazonkalar shoh Priam bilan birgalikda Troyani bosqinchilardan himoya qilganini yozadi. Keyinga solnomalarda esa, Iskandar Maqduniy amazonkalar malikasi Falustra bilan urushmoqchi bo‘lgani, ammo bu jangni o‘ziga munosib ko‘rmay u bilan sulh tuzgani haqida ma’lumotlar uchraydi.

Darhaqiqat, amazonkalarning tarixda yashab o‘tganidan dalolat beruvchi tarixiy ashyolar anchagina. Xususan, qadimgi Yunoniston hududidan topilgan ko‘pgina sopol buyumlarda jangchi ayollar tasviri uchraydi. Bugungi Ukraina hududida ham bir nechta jangchi ayollarning qabrlari topilgan.

O‘n oltinchi asrda hozirgi Kolumbiyaga hududiga borib qolgan ilk ispan istilochilaridan biri, Xuan de San-Martin o‘z hisobotida ayollardan iborat hindular qabilasiga duch kelishgani, unga ayol kishi boshchilik qilishi va erkaklardan ko‘ra shiddatliroq va jangariroq ekani haqida yozib qoldirgan.

Sparetra –  amazonkalar malikasi?
Amazonkalar aynan bizning vatanimiz hududida yashaganini ta’kidlovchi mutaxasislar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Taniqli arxeolog olim, Amriddin Berdimurodov nemis olimi Ye.Vardiman hamda rus olimi Tolstovning fikriga tayanib, qadimdan O‘rta Osiyoda ayollarning mavqei o‘ta yuqori bo‘lgani, erkaklar bilan tengma-teng kurashgani aytiladi. Yunon tarixchilarining yozishicha, Eron shohi Kayxusravga qarshi jang qilgan massagetlar malikasi Sparetra 300 ming erkak, 200 ming ayol jangchiga boshchilik qilgan.

Shuningdek, mamlakatimiz, xususan Orolbo‘yi hududida qurol-yarog‘iga qo‘shib dafn qilingan ayollar qabri ko‘plab topilgan. Qolaversa, asrlar davomida qoraqalpoq kelinlarining asosiy to‘y libosi sanalgan saukele ko‘rinishidan aynan sovut va dubulg‘a ko‘rinishini eslatadi. Etnograf olimlar bu libos andozasi aynan jang anjomlaridan olinganini aytishadi. Ya’ni ayollarning jangdagi mavqei pasaya borgach, ularning temirdan ishlangan sovutlari maishiy ko‘rinish kasb etgan va odatiy liboslar ko‘rinishga o‘tgan.

Umuman olganda, To‘maris, Barchinoy, Qurmonjon dodxo singari mard, jasur momolarimiz haqidagi haqiqta va afsonalar ham tillardan tillarga o‘tib kelayotgani bejiz emas. Tan mardlik va jaosart xalqimizning eng oliy fazilatlari sirasiga kiradi.

Manba: Darakchi.uz

 Manba
Категория: Tarixga nazar / tarix haqida / afsona | Просмотров: 2258 | Добавил: ADMIRAL | Теги: qizqiarli malumot, eski paytlar, Sado, tarixga nazar, diplom ishi uchun vazifa, amazonkalar haqida malumot, ensiklopedia, ayollar saltanati, Referat | Рейтинг: 5.0/15

O'xshash Yangiliklar
Всего комментариев: 0
avatar
close