Va'da (Ibratli hikoya)

1989 yil 8,2 ball kuch bilan yuz bergan zilzila Armanistonni kunpayakun qilib yuboray dedi. U atigi 4 daqiqa ichida 30 000 dan ziyod odamning hayotiga zomin bo‘ldi.

Ana shu dahshatli daqiqalarda hayoti xavfsizligiga ishonib stepanakertlik bir kishi xotinini uyda qoldirdi. O’g‘lidan xabar olish uchun maktabga yugurdi. Ammo maktab o‘rnida hosil bo‘lgan vayrona tepalikka duch keldi-yu dahshatdan qotib qoldi. Shunda to‘satdan xayoliga qachonlardir o‘g‘liga bergan va’dasi tushdi:

– Qanday xodisa yuz bermasin, men albatta, senga yordamga yetib kelaman!

Otaning ko‘zi yoshga to‘ldi. U vayronaga tikilarkan, biror chora, najotni ko‘rmadi, lekin xayolida o‘g‘liga bergan va’dasi charx uraverdi.

U o‘g‘lini har kuni maktabning qaeriga yetaklab borganini eslashga urinib, binoning o‘ng tomonidagi burchakda joylashgan sinfni chamalab topdi. Va xarobani kovlashga tushdi.

Bu orada boshqa o‘quvchilarning ham qayg‘uga botgan ota-onalari yetib kelishdi. Ular alam bilan:

– O’g‘lim! Qizim! – deb faryod urishdi. Ba’zi ota-onalar:

– Endi kech!

– Allaqachon halok bo‘lishgan!

– Biz endi ularga yordam berolmaymiz!

– Uyga ketdik! – deb qayg‘uga botishdi. Bolaning otasiga ham:

– Aql bilan ish tuting, urinish befoyda, – deb maslahat berishdi.

Shunday tasalli bilan unga yaqinlashgan har bir kishidan bolaning otasi bir narsani so‘rardi:

– Siz menga yordam bermoqchimisiz! – u shunday derdi-yu, qo‘li ishdan to‘xtamasdi. Ishonch bilan toshlarni ko‘chirib, vayronani ochib borar, bu harakati bilan o‘zini tobora o‘g‘liga yaqinlashayotganday his qilardi.

Shu choq o‘t o‘chiruvchilar komandiri kelib hammani hayday boshladi:

– Hozir hammayoqni olov qoplaydi, portlash yuz berishi ham mumkin. Siz o‘zingizni xavfga qo‘ymang. Uyga ketinglar. Bu yerni tozalashni o‘zimiz uddalaymiz.

Bolasini qutqarishga urinayotgan ota pinagini ham buzmay ishini davom ettirarkan savolini takrorladi: – Siz menga yordam bermoqchimisiz?

Atrofni qo‘riqlayotgan militsioner ham tanbeh berishni unutmadi:

– Bu telbalik, bunaqada boshqalarning hayotini ham xavfga qo‘yapsiz, uyingizga boring bu ishni bizga qo‘yib bering.

Ota melitsionerga yuzlandi:

– Siz menga yordam bermoqchimisiz? Yo‘q bo‘lsa, ishimga aralashmang! – Militsioner, bunga gapirish befoyda degan fikrda undan yiroqlashdi.

Ota esa butun irodasini, kuchini ishga solib, xarobani kovlashda davom etdi. U o‘g‘lining tirik yoki o‘likligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istardi.

Oradan 8 soat, 12 soat, 24 soat … 36 soat o‘tdi. Nihoyat 38 soat deganda u ulkan beton bo‘lagini surayotib o‘g‘lining ovozini eshitdi.

– Armand! – o‘g‘lini chaqirdi ota.

– Dada! Bu sizmi, dada! Qo‘rqmang, men tirikman. Kelishingizni bilardim. Men boshqa bolalarga ham, havotirga tushmanglar, dadam bizni qutqaradi, dedim. Axir siz menga “Nimaiki yuz bermasin men albatta yordamga yetib kelaman”, deb so‘z bergansizku, dada.

– U yerda nima bo‘lyapti? Ahvolingiz qalay? – so‘radi ota o‘zini yig‘idan arang bosib.

– O’ttiz uchta boladan 14 tamiz qoldik. Biz hammamiz ochmiz, issiqlab ketyapmiz, havo yetishmayapti, qo‘rqyapmiz, dada! Hammamiz sizni kutdik. Bino qulaganda biz devor chetiga turib oldik, u bizni qutqarib qoldi.

– Bo‘laqol o‘g‘lim, chiq tezroq, kutyapman, – dedi ota so‘nggi beton qoldig‘ini surarkan.

– Yo‘q dada, avval boshqa bolalar chiqsin. Meni qutqarishingizga ishonaman. Nima yuz bermasin, siz bari bir yordamga kelasiz, – o‘g‘lining ovozida ishonch va fahr ohanglari jarangladi.

Категория: YURAKNI EZUVCHI HIKOYALAR | Добавил: ADMIRAL (11.02.2017)
Просмотров: 7398 | Теги: tasirli hikoyalar, ota haqida hikoyalar to'plami, yangi maqolalar, ibratli hikoyalar, tasirli voqealar, vada haqida hikoyalar, eng ajoyib hikoyalar | Рейтинг: 5.0/112

O'xshash she'r va hikoyalar
Всего комментариев: 0
avatar
close