Qaddi bukilgan ona yoxud nopok farzandlar qilmishi xususida

KASBIMIZ taqozosi tufayli har kuni turfa tabiatli insonlar bilan uchrashamiz. Ular bilan suhbatlashib, dardu hasratini eshitamiz. Qonun doirasida huquqiy maslahat beramiz.

 

Yaqinda oldimga maslahat so‘rab kelgan onaxonning gaplarini tinglar ekanman, ko‘nglimda ushbu voqeani qog‘ozga tushirish istagi paydo bo‘ldi. O‘yladimki, zora bo‘lib o‘tgan bu voqea kimlargadir ibrat bo‘lib, yana yuz berishi mumkin bo‘lgan bunday ko‘ngilsizliklarning oldini olsa.

 

— Turmush o‘rtog‘imning yoshi oltmishni qoralab qolganda yosh juvonga ilakishib qoldi, — deya gapini boshladi onaxon. — Avvaliga bu holatni o‘tib ketar, axir bo‘yi yetib qolgan farzandlarimiz, quda-andalar bor-ku, insof kirib qolar, deb ancha vaqtgacha buni sir saqladim. Baribir bo‘lmadi. “Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi”, deganlaridek kun kelib sir ochildi. Shundan so‘ng turmush o‘rtog‘im men bilan qonuniy ajrashib, o‘sha juvonga uylandi. O‘ttiz besh yillik turmushimiz mobaynida ikki o‘g‘il, bir qizni tarbiyalab voyaga yetkazdik. Endi qarilik gashtini suramiz, deb o‘ylagandim. Chunki yoshlikda yelib-yugurib yaxshi niyatlar bilan er-xotin topgan pulimizga ikkita hovli qurgandik. Birinchisini kenja o‘g‘limizga, ikkinchisini esa katta o‘g‘limizga hadya sifatida rasmiylashtirib berdik. Buni qarang­ki, rasman ajrashgach, turmush o‘rtog‘im meni katta o‘g‘limizning nomiga rasmiylashtirgan uydan haydab chiqardi. Noiloj, hali turmushga chiqmagan qizim bilan kenja o‘g‘limning uyi­ga bordik. Otasining gapiga kirgan kenja o‘g‘lim ham uyiga kiritmadi. Nahotki shuncha yil yashab, o‘z mehnatim singgan ikki hovliga ham sig‘madim…

Onaxonga bunday holatda qonun talabiga ko‘ra, fuqarolik sudiga murojaat qilishini tushuntirdim. Hamma gap shunda-da qizim, men o‘z farzandlarim bilan sudlashishni xohlamagan edim.

Sudda o‘g‘lim “onamni baribir hovliga kiritmayman, chunki hovli mening nomimga rasmiylashtirilgan. Shunday ekan bu hovli mening shaxsiy mulkim. Shaxsiy mulk esa qonun tomonidan himoya qilinadi. Unga daxl qilishga hech kimning haqqi yo‘q”, deb turib oldi.

Dunyoda odamiylik, mehr-oqibat, eng muhimi, farzandlik burchi, degan yozilmagan qonunlar ham bor-ku. Hovli o‘g‘ilniki bo‘lsa, oltmishdan oshgan qariya onaxon voyaga yetmagan qizi bilan ko‘chada qolish kerakmi?

Albatta, qonunlarimizda bunday holatda qanday yo‘l tutish kerakligi ham ko‘rsatib berilgan. Jumladan, Oila kodeksining 109-moddasida voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlarning mehnatga layo­qatsiz, yordamga muhtoj ota-onalariga ta’minot berishlari shartligi belgilangan. Shuningdek, ota-onalarning davlat yoki nodavlat muassasalari qaramog‘ida ekanligi voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandning ota-ona haqida g‘amxo‘rlik qilish va ularga moddiy yordam ko‘rsatish majburiyatlaridan ozod etmaydi.

Xullas, onaxonning muammosi-ku qonuniy yechimini topgan. Lekin u farzandlarining bunday munosabatini ko‘ngliga sig‘dirolmayotganligini ta’kidlab kuyinardi.

Qaddi dol bo‘lib qolgan bu onaxonning gaplarini eshitib xayolimdan o‘z onasining dilini og‘ritgan farzandning kelajagi qanday bo‘ladi? Ertaga o‘zi ham shunday holatga tushib qolmasmikan? Balki o‘shanda tushunib yetar, lekin kech bo‘lmasmikan, degan o‘ylar o‘tdi.

 

Umida MUHAMMYeDOVA

Manba: mulohaza.uz

Категория: OTA ONA HAQIDA HIKOYALAR | Добавил: ADMIRAL (22.08.2016)
Просмотров: 5383 | Теги: antiqa hikoyalar, real voqealar, qiziq, volidalar haqida rivoyatlar, ota ona haqida hikoyalar, onajon, tasirli voqealar, ona xaqida xiykoya | Рейтинг: 5.0/45

O'xshash she'r va hikoyalar
Всего комментариев: 0
avatar
close