O'g'risi ham to'g'risi ham o'zimizniki yoxud "O'gay bola"

Ko‘cha boshidagi choyxona ta’mirlanayotganidan buyon mahallamizdagilarning oromi buzildi. Kunda bir piyola issiq choy ustida gurunglashib o‘tiruvchi otaxonlar navbat bilan bir-birlarinikida to‘planadigan bo‘lishdi. Bugun buvamning gali ekan, nonushtadan keyin qariyalar turnaqator bo‘lib kirib kelishdi. Har zamonda choyni yangilab turishdek “o‘ta muhim” vazifani menga ishonib topshirishgani sabab bir qiziqarli suhbatga guvoh bo‘ldim.

– Eshitdingizmi, Sharif tegirmonchining o‘g‘li Shavkatjon chempion bo‘libdi, – dedi Nosir ota oq oralagan qoshlarini kerib.

– Sharifning o‘g‘li sportchimidi? – so‘radi buvam.

– Qanaqa sportchi! Shavkatjon matematik-ku. Dunyoning qaysidir mamlakatida matematiklarning musobaqasi bo‘libdi, shunda birinchilikni olibdi, – dedi Musulmon amaki bilmasangiz bilib qo‘ying degandek atrofga ma’noli qarab.

– Bu bola maktabda ham yaxshi o‘qirdi. Matematikadan o‘zim dars berganman. Kunda bir masalani ko‘tarib kelardi. Vaqtim ziq bo‘lsa-da, erinmay tushuntirardim, – maqtanib qo‘ydi Salim muallim.

– O’ziyam otasidek ma’qul bola. O’g‘lim bilan bir sinfda o‘qigan. Onda-sonda maktabga mashinamda birga olib borib qo‘yardim, – dedi Murod amaki olijanobligimga qoyilmisiz degandek.

– Nimasini aytasiz, tartibiga gap yo‘q. Tengqurlari necha marta uzum o‘g‘irlagani kirishganda ushlab olib rosa urishganman. Lekin Shavkatjonga o‘zim uzib berardim, – dedi Nurmat bog‘bon.

Shahardagi akademik litseylarning birida o‘qiydigan Shavkat akaning jahon fan olimpiadasida g‘olib bo‘lgani mana shunday suhbatlarning muhokamasiga sabab bo‘ldi. Barcha mahalladoshlar qahramon bolaga o‘zlarining qanday yordamlari tekkanini aytib maqtanishar, o‘qituvchilar-ku hech kimga so‘z berishmasdi. Maktab direktoridan tortib qorovulgacha, oqsoqoldan tortib bir ko‘cha naridagi qo‘ni-qo‘shnigacha – hammasi “Bu bizning Shavkatjon-da, o‘zimizning o‘g‘il”, deya kerilishardi.

Ammo bir haftadan keyin muhokamalar mavzusi o‘zgardi. Endi odamlar Chori magazinchining qamoqqa tushgan o‘g‘lini gapirishar, ba’zilar “Barchasiga otasi aybdor, bolaligidan taltaytirdi, bitta-yu bitta o‘g‘lim deb cho‘ntagini pulga to‘ldirdi, qadamini nazorat qilmadi”, deyishsa, boshqalari “Anchadan beri qo‘li egriligini bilardim, lekin birovning bolasi, bir nima deb bo‘ladimi bu zamonda”, derdi. Bir hafta ilgari bir bolaning yutug‘iga o‘zlarini dahldor bilganlar, unga yordami tekkanlaru “Men undoq qilganman, men bundoq qilganman”, deya charchamaydiganlar bugun boshqa bir adashgan boladan osongina yuz o‘girishdi. “Maktabda men o‘qitganman. Mening bolam bilan o‘rtoq edi”, deguvchilarning nafaslari birdan ichga tushdi. Muvaffaqiyatida o‘zlarining “ulushi” borligini ta’kidlovchilar, yaqindagina paydo bo‘lgan “qarindoshlar” endi o‘zlarini chetga olishar, hech kim “Buning shunday bo‘lishida mening mana bunday hissam bor”, demasdi.

Demak, bir bolaga yetti mahalla ota-ona, degan gap aslida, yaxshi bolaga yetti mahalla ota-ona, degani ekan-da! Yo‘qsa, kishilar yuqoridagi kabi “…birovning bolasiga bir nima deb bo‘larmidi”, deyishmas, “Eh o‘shanda to‘g‘ri yo‘lga solib nasihat qilsam bo‘lardi. Mahalladoshlar bilan maslahatlashish kerak edi. Nima bo‘lganda ham o‘zimizdan, o‘gay emas-ku”, deya achinishdan, o‘zlarini aybdor qilishdan bunchalar qo‘rqishmasdi. Bo‘lar ish bo‘lgandan keyin harakatga tushib qoluvchi mahalla vakillarining, maslahatchi-yu, posbonlarning behuda oyoq kuydirishidan nima naf?! Bir xil muhitda ikki xil tarbiya topgan yoshlarning tarbiyasida oila a’zolaridan tashqari, yon-atrofdagilarning ta’siri ham katta o‘rin tutar ekanda.

Bolaning begonasi bo‘lmaydi. Yaxshisi o‘zingizniki-yu, yomonini o‘gay deyolmaymiz. O’g‘ri ham, to‘g‘ri ham bizning bolamiz. Aslida ularni o‘g‘rilik-u to‘g‘rilikka o‘zimiz o‘rgatamiz. Bugun bizning kichkinagina bir e’tiborsizligimiz ertaga kimningdir ulkan xatolariga, hayotining tuzatib bo‘lmas og‘riqlariga sababchi bo‘lishi mumkin. Yo aksincha, arzimasgina tuyilgan ko‘rsatmamiz bir insonning muvaffaqqiyatiga turtki bo‘lishini unutmaslik farzandlariga mehribon yurt kishilariga xos oliyjanob fazilatdir.

Mukarram OTAMURODOVA

Категория: OTA ONA HAQIDA HIKOYALAR | Добавил: ADMIRAL (28.05.2017)
Просмотров: 4046 | Теги: qiziqarli maqolalar, real voqealar, eng yangi voqealar, hayotiy hikoya, malumotlar, o'gay bola, real hikoyalar, antiqa.uz achinarli, hikoyalar olami | Рейтинг: 5.0/27

O'xshash she'r va hikoyalar
Всего комментариев: 0
avatar
close