Qora alvasti (Detektiv hikoya)

Mirfayz dahshatli qichqiriqdan uyg‘onib ketdi. – Alvasti! – deb dodladi xotini Mahzuna. Mirfayz ko‘zlarini ishqalab atrofga alangladi. Qorong‘uda Mahzunaning tepasida qop-qora ko‘lankani ko‘rdi. – Astag‘firulloh! Ey Xudoyim o‘zing asra! – kalima qaytara boshladi. Ko‘lanka g‘alati tovush chiqarib Mahzunani bo‘g‘moqchi bo‘ldi. Ayol bor ovozda chinqirdi. Mirfayz dir-dir titrab nima qilarini bilmasdi. Nihoyat o‘ziga kelib, o‘rnida turdi va yugurib borib chiroqni yoqdi. Xotinining tepasida hamma yog‘ini tuk bosgan, yuzlari burishib ketgan, ko‘zlari chaqchaygan, og‘zidan ikkita so‘yloq tishi chiqib turgan bir mahluq turardi. Mahluqni ko‘rib Mirfayzning rangi oqarib ketdi. Bir amallab o‘zida kuch topib, mahluqqa tashlandi. Mahluq uni yelkasidan ushlab otib yubordi. Mirfayzning boshi shkafga tegib xushidan ketdi. Mahluq unga yaqinlashib bo‘ynidan bo‘g‘a boshladi. Mahzuna chinqirib yubordi. Qo‘shnilar shovqinni eshitib Mirfayzning uyiga yugurishdi. Uyga kirib qarashsa Mirfayz polda cho‘zilib yotar, Mahzuna esa burchakda tizzasini quchoqlab yig‘lab o‘tirardi…


— Eringizni chindan ham o‘sha Qora alvasti o‘ldirdimi?- dedi uchastka noziri Rustam Saidov.


— Ha. Yarim tunda uyg‘onib ketdim. Qarasam tepamda bir qora sharpa turibdi. U meni bo‘g‘di. Men dod soldim. Keyin Rustam akam… Ayol yig‘lab yubordi.


— Alvastini ko‘rgan guvohlar bormi?
— Biz ichkariga kirganimizda Mirfayz aka polda o‘lib yotardi. Shu payt tashqaridan yana kimdir baqirdi. Mirfayz akaniga kelayotgan qo‘shni er-xotin ham orqa ko‘chadan yugurib o‘tgan qora alvastini ko‘ribdi – dedi qo‘shni yigitlardan biri.
— Men surishtiruv olib boraman. Tepadagilarga bu ishni Qora alvasti qilgan deb bayonot bera olmayman – dedi Rustam.
Rustam idorasiga kelib qo‘lidagi hujjatlarni stol ustiga tashladi. Uning ortidan yordamchisi Farhod kirib keldi.
— Surishtirdingmi? – dedi Rustam.
— Ha aka. Mirfayz Mirhalilovni ishida ham, mahallasida ham barcha yaxshi odam dedi. Yaqin orada hech kim bilan janjallashmagan ham. Hatto uyidan hech narsa o‘g‘irlanmagan.
— Qiziq. Unda kim uni o‘ldirdi? Nahotki bu chindan ham Qora alvasti bo‘lsa?
— Ehtimol. Lekin bu ish menga yoqmayapti.
Ertasi kuni Rustam yordamchisi Farhod bilan qora alvastini ko‘rgan guvohlarni so‘roq qildi. Er-xotinlar chindan ham orqa ko‘chada Qora alvastini ko‘rishganini, alvasti mahallaning boshidagi Ramziddin Pishiqning oziq-ovqat do‘koni tomonga qarab yugurib ketganini aytishdi. Rustam yordamchisi bilan Ramziddin Pishiqning do‘koniga bordi.
— Qora alvastini ko‘rganim yo‘g‘-ku lekin qora neksiyani ko‘rdim – dedi Ramziddin Pishiq.


— Qora neksiyani?
— Hmm. O’sha kuni savdo qizib kechki o‘n ikkigacha ishladim. O’n ikkidan o‘n besh daqiqa o‘tganida do‘konni yopdim. Uyim yo‘lning narigi tomonida bo‘lgani uchun yo‘lni kesib o‘ta boshladim. O’ng tomonda mashina chiroqlari ko‘rindi. Darvozamning oldiga kelganimda, do‘konimdan o‘n besh metr uzoqlikdagi mashina to‘xtash joyida qop-qora Neksiya kelib to‘xtadi. Yangimi raqami ham yo‘q edi. Mashina eshigi ochilib undan kostyum-shim kiygan basavlat bir yigit tushdi. Bu yigitni taniyman u yon qo‘shnim Hamid akaning kenja o‘g‘li. Barakasini bersin Rossiyada ishini topdi shu bola. Otasini ko‘rgani kelgan shekilli.


— Tushunarli sizga katta rahmat – dedi Rustam.
Bir necha kundan so‘ng Farhod qo‘lida yelim haltaga solingan alvastining kiyimi bilan Rustamning oldiga keldi.
— Xo‘sh nimani aniqlading – dedi Rustam.
— Pishiq to‘g‘ri aytibdi. O’sha yigit Hamid akaning kenjasi. Hamid aka o‘z vaqtida Mirfayz akaning yaqin do‘sti bo‘lgan. Ikkalasi birgalikda katta bir ish boshlashgan lekin Mirfayzning otasi g‘irromlik qilgan. Shundan so‘ng Hamid akaning biznesi kasodga uchrab qarzga botgan. Farzandlari ishlab otaning qarzlari to‘lagan. Kenjasi Tohir Rossiyada omadi kelib ancha davlat to‘plagan. Xullas…
— Xullas qaytib kelib otasining qasosini olish uchun alvasti kiyimini kiyib Mirfayzni o‘ldirgan. Axir uning otasini deb sovuq yurtda, darbadar bo‘lib yurish osonmi? Qiynalib topgan pulini qarzga to‘lash-chi?
— Topdingiz. U Rossiya do‘konlaridan alvasti kiyimini sotib olgan. Bugun uyini tintuv qilgandik, og‘ilxonasidan mana bu ashyoviy dalilni topdik. Farhod stoldagi paketga ishora qildi.


— Hammasi juda oddiy ekan-ku! – deb Rustam yelim haltani ochib alvastini kiyimini oldi.
— Ha. Ramziddin Pishiq ham ancha yordam berdi. Bejizga uni pishiq deyishmas ekan. O’ziyam yomon ichidan pishgan-da! Yashashni biladi. Bir boyvachchaning qiziga uylanib olgan. Rosa davrini suryapti. Bilasizmi? Hatto 2014-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatida Braziliyaga borib keldi.
— Nima? Rostdanmi? Bola ekan-ku!
— Ha-da! Mayli Tohirni qachon qamoqqa olamiz? Uyini tintuv qilgan paytimiz yo‘q ekan.


Rustam stolda yoyilib yotgan alvastining jundor kiyimiga termilib bir oz o‘ylanib qoldi.
— Braziliyaga borgan dedingmi?
— Huddi shunday. Tohirga telefon qilib qochishdan foyda yo‘qligini aytgandim. U hammasiga oydinlik kiritish uchun albatta kelishini aytdi.Kelgan bo‘lsa kerak. Uyiga boramizmi?


— Yo‘q. Boshqa yerga boramiz…
Yarim tunda Mirfayzning yotoqxonasi eshigi ochildi.
— Sizni kutib turgandim. Bugun kech qoldingiz? – dedi Mahzuna jilmayib.
— Ishlarim ko‘payib ketdi, jonim – dedi eshikdan kirib kelgan Ramziddin.
— Halal bermadimmi? – degan tovush eshitildi orqadan.
— Siz?


Eshik oldida Rustam va Farhod turardi. Ularni ko‘rib Mahzuna bilan Ramziddinning qo‘rquv va uyatdan yuzlari turli tusga kirdi.
— Nihoyat jirkanch jinoyatlaringiz fosh bo‘ldi. – Orangizdagi munosabatdan Mirfayz habar topib janjal chiqargan. Bu narsa sizlar uchun fojea edi. Ikkingiz ham sharmanda bo‘lib bor-budingizdan ayrilardingiz. Axir Mirfayz bilan Ramziddin akaning boy qaynotasi buni shunday qoldirarmidi? Shuning uchun ikkingiz Mirfayzdan qutilish chorasini izlagansiz. Izlab-izlab alvasti voqeasini o‘ylab topdinglar. Siz Ramziddin aka, alvasti kiyimini Braziliyaga borganinigizda harid qilgansiz. Bu aslida alvastining emas balki amazonka o‘rmonlaridagi mahluqning libosi. Men uni televizorda ko‘rganman. Braziliyada karnavallar payti odamlar ana shunday niqob-u kiyimlarni kiyishadi.Ramziddin aka ana shu kiyimni kiyib huddi ana shu xonada sho‘rlik Mirfayzni bo‘g‘ib o‘ldirgansiz. Siz ikki nobakor, qilar ishni qilib, yana bir begunoh insonning umriga zomin bo‘ldingiz. Bu ham yetmaganidek o‘z halol mehnati bilan tinchgina yashab yurgan Tohirning bo‘yniga aybingizni yuklamoqchi bo‘ldingiz. Endi bu qilmishingizni Xudo ham, qonun ham kechirmaydi…

Feruzbek Ziyodullaev

Manba:Mulohaza.uz

Категория: DETEKTIV HIKOYALAR / QISSALAR / ASARLAR | Добавил: ADMIRAL (18.12.2016)
Просмотров: 4211 | Теги: yangi detektiv hikoyalar olami, eng ajoyib hikoyalar, real hikoyalar to'plami, qiziqarli voqealar, xikoyalar kuchirib olsih | Рейтинг: 5.0/54

O'xshash she'r va hikoyalar
Всего комментариев: 0
avatar
close