Pul o'lsina (Detektiv Hikoya)

U eshikdan kirib kelishi bilan atirining xidi dimog‘imga urildi.
– Assalomu alaykum. Siz xususiy advokat Ravshan Asadovmisiz?
Qarshimda yuzi oppoq, qosh-ko‘zlari qop-qora, sochlari uzun, qad-qomati kelishgan, tahminan 27- 28 yoshlardagi yoqimtoygina bir qiz turardi. Men bu qizni ilgari qaerdadir ko‘rgandim ammo eslay olmadim.
– Ha – dedim atrofga hijolat bo‘lib alanglab. Ish boshlaganimga bir necha kun bo‘lgandi. Shu sabab xonamning ahvoliga unchalik ham havas qilib bo‘lmasdi.
– Marhamat o‘tiring – deb chang bosgan stulni dastro‘molcham bilan artdim. Qiz qoshlarini chimirdi va ijirg‘anib stulga o‘tirdi.
– Kotiba olishingiz kerak ekan – dedi atrofga qarab.
– Uzir. Ish boshlaganimga ko‘p bo‘lmadi, shunga…
– Hijolat bo‘lmang. Ammo sizdek Garvard universitetini tamomlagan yosh va iqtidorli advokatning bunday sharoitda ishlashi kutilmagan holat.
– Meni taniysizmi?
— Bu yerga kelishdan oldin siz haqingizda surishtirgandim.
– Xo‘sh bizga nima xizmat?
– Ism-sharifim Nazira Sayfieva. Oldingizga sudda singlimni ximoya qilishingizni so‘rab keldim. U hozir qamoqda. Ustidan jinoiy ish ochilib tergov qilinyapti.
– Singlingiz nimada ayblanyapti?
– Uni turmush o‘rtog‘i Rahim Mirzaevning joniga qasd qilganlikda ayblashyapti. Erini qasddan zaxarlagan emish. Lekin bu asossiz ayblov. Nozima mening yakka-yu yolg‘iz singlim. Jigarimning aybsiz ekaniga ishonaman. U erini qattiq sevardi, uni o‘ldirishi mumkin emas.
– Tushunarli. Men roziman. Faqat avval singlingiz bilan uchrashishim kerak. Ertadan ishga kirishaman.
– Hizmat haqingiz qancha bo‘ladi?
— Buni ertaga gaplashamiz. Menga telefon raqamingiz va yashash manzilingizni yozib bering.
Qiz qog‘ozchaga telefon raqami va manzilini yozib menga uzatdi. – Ota-onamning uyida yashab turibman. Singlim oqlansa Malayziyaga qaytib ketaman.
– Malayziyaga qaytib ketasiz?
— E-xa sizga aytishni unitibman. Men Malayziyada modalar uyi ochganman. O’sha yerda modelerlik qilaman. Ota-onam dunyodan o‘tishgan. Nozimaning mendan boshqa xech kimi yo‘q.
— O! Chiroyli qomat, go‘zal tabassum, top model ekaningiz bilinib turibdi o‘zi. Turmushga chiqqanmisiz?
— Hozircha baxtimni topganim yo‘q. Qiz uyalib yerga qaradi.
– Sizdek go‘zal naxotki hali ham yolg‘iz bo‘lsa…
– Siz tezroq ishga kirishing. Bechora singilginamning aybsizligini isbotlashingiz kerak.
– Xotirjam bo‘ling men qo‘limdan kelganicha harakat qilaman.
– Unda xayr. Sizga omad tilayman.
– Salomat bo‘ling.
“Mana o‘rtoq Asadov sizga birinchi ish” dedim ichimda. Keyin xonani tartibga keltira boshladim.
Ertasi kuni men shaxar ichki ishlar bo‘limiga bordim. Nozima Mirzaevaning ishi bo‘yicha ichki ishlar bo‘limining leytinanti Aziz Qosimov shug‘illanayotgan ekan. Qosimovning xonasiga kirdim.
– Assalomu alaykum, men Nozima Mirzaevaning advokati bo‘laman.
– Iye Ravshan senmisan? Advokat bo‘ldim degin.
– Aziz? Do‘stim yaxshimisan? Seni tanimabman leytinant.
Aziz bilan harbiy hizmatni birga o‘taganmiz. Men yuridik institutga u esa Militsiya akademiyasiga o‘qishga kirdik. Xorijga o‘qishga ketganimdan so‘ng u bilan aloqalarimiz uzilib qolgandi. Aziz bilan yarim soat o‘zimiz haqimizda gaplashdik. Men yaqinda xorijdan kelganimni u esa akademiyani bitirib uch yildan buyon shahar ichki ishlar bo‘limida faoliyat yuritayotganini aytdi.
– Rahimni xotini o‘ldirgan – dedi Aziz.
– Nega buncha ishonch bilan gapiryapsan?
– Rahim bilan bolalikdan do‘stmiz.
– Nima? Tasodifni qara!
– Ha, shunday. U ko‘ngli toza inson. Birorta ham dushmani yo‘q. Hamma sirini menga aytadi. Do‘stim xotinini sevmasdi. Rahim talabalik vaqtlari bir qizni qattiq sevardi. Qiz ham navoiylik edi. Ikkinchi kursga o‘tganlarida u qiz grant yutib AQShga o‘qishga ketdi. Keyin birdan Rahim bilan barcha aloqalarini uzdi. Rahim qattiq iztirob chekdi. O’qishni tugatib Navoiyga qaytib kelgach ota onasi Nozimaga uylantirdi. Qaynotasining yordamida firma ochib ishlari yurishib ketdi. Ammo bari bir birinchi muhabbatini unuta olmadi…
Aziz chuqur nafas olib gapida davom etdi.
– O’sha kuni do‘stimni so‘nggi marta ko‘chada ko‘rib qoldim. U sobiq sevgilisi Navoiyga qaytib kelganini aytdi. Nozima bilan ajrashib unga uylanmoqchiligini aytdi. Uyiga borib bu xabarni xotiniga ham aygan. Alamiga chiday olmagan xotini uni zaharlab o‘ldirgan. Bekorga “er bermoq – jon bermoq” deb aytishmaydi-ku.
– Xulosa qilishga shoshilmaslik kerak.
– Bilmadim. Lekin faqat men shu fikrda emasman. Rahim menga otasi Nozima Mirzaevaga katta meros qoldirganini aytgandi. Essiz shuncha mol-u davlat.
–Mirzaeva bilan uchrashsam bo‘ladimi?
– Albatta. Aziz telefon go‘shagini olib navbatchini chaqirdi.
Uchrashuv xonasiga sochlari biroz to‘zg‘igan, yuzlari so‘lg‘in, ko‘zlari yig‘idan shishib ketgan, ko‘rinishidan opasi Naziraga o‘xshab ketadigan, 23-24 yoshlardagi juvon kirib keldi. O’zimni unga tanishtirdim.
– Assalomu alaykum. Men advokatingiz Ravshan Asadovman.
– Salom. Men Nozimaman. Sizni opam yolladimi?
– Huddi shunday. Vaqtimiz ko‘p emas. Shu sabab menga qisqa va aniq qilib hammasini bir boshidan gapirib bering.
– Rahim aka bilan turmush qurganimizga besh yildan oshgan bo‘lsa ham farzandimiz bo‘lmadi. Ko‘p davolandik ammo foydasi bo‘lmadi. Erim ichib kelib janjal chiqaradigan odat chiqardi. Qaynonam ham “tug‘mas” deb meni yomon ko‘rib qoldi. Xo‘jayinim katta tadbirkor. Lekin so‘nggi paytlarda ishlari yurishmay qoldi. Minnat qilmayman lekin Rahim aka nimaga erishgan bo‘lsalar barchasi otamning orqasidan. Otam ikki oy avval avtohalokat tufayli vafot etdilar. Otamning vafotidan so‘ng Rahim akaning ishlari yurishmay qoldi. Bularning hammasini alamini mendan oladigan bo‘ldilar. O’sha kuni men kun bo‘yi qaynisinglimnikida edim.Kech tushishi bilan uyga keldim.Ovqat tayyorlamoqchi bo‘lganimda erim ishdan keldi. U men bilan gaplashib olmoqchiligini aytib yoniga chaqirdi. Erim meni hech qachon sevmaganini, boshqa qizni sevganini mendan ajrashib o‘sha qizga uylanmoqchi ekanini aytdi. Men “qaysi gunohim uchun” deb yig‘lab chiqib ketdim. Biroz o‘tib Rahim aka “Nozi tomog‘im qurib ketdi. Menga achchiq ko‘k choy damlab kel” dedilar. Uni xovuridan tushganini ko‘rib darrov choy damlab keldim. Erim choyni ichib uxlab qoldi va shu bilan qaytib uyg‘onmadi. Rahim aka to‘ng‘ich farzand bo‘lgani uchun qaynota-qaynonamdan alohida yashardik. Qaynonam ko‘pincha janjalimizning ustida kelib qolardi. Shunga dodlab “o‘g‘limni sen ataylab zaharlagansan” deb menga yopishdi. Buni qarangki sud-ekspertiza xodimlari erimni zaharlangan deb topishdi. Uning oshqozonidan zaxar topilibdi. Lekin men uni zaharlamadim. Turmushimiz yaxshi bo‘lmasa ham men uni sevardim…
Nozima yig‘lay boshladi.
– Yig‘lamang. O’zim so‘rab surishtirib aybsizligingizni isbotlovchi dalil topaman.
– Shunga umid qilaman. Iltimos meni qutqaring qamalishni istamayman!
– Xudo xohlasa hammasi yaxshi bo‘ladi. Ketadigan vaqtim bo‘ldi. Xayr.
– Salomat bo‘ling.
Men yana Azizning oldiga bordim.
– Birinchi ishingda yutqazasan shekilli. Barcha dalillar Nozimaga qarshi. Ekspertiza hulosasiga ko‘ra Rahim Mirzaev ichgan piyoladagi choy qoldig‘idan zaxar topilgan. Mana bu Rahimning shaxsiy buyumlari. Uning qo‘l telefonidagi so‘nggi marta terilgan va qabul qilingan raqamlarni tekshirdik. Raqamlar bank xodimlari va Raximning hamkorlariga tegishli ekan. Xullas jiddiy narsa yo‘q. Mirzaevning hamyonidan xotinining surati chiqdi. Suratini olib yuradi lekin sevmaydi.
– Suratni ko‘rsam bo‘ladimi?
Aziz suratni uzatdi. Bu surat taxminan 17-18 yoshlar atrofidagi yoshgina Nozimaning surati edi. Surat eskiroq, tahminan 2001-2002 – yillarda olinganga o‘xshaydi.
– Suratni olib qolsam bo‘ladimi? Aziz bosh irg‘adi. Men suratni cho‘ntagimga solib qo‘ydim.
– Nima bo‘lganda ham senga katta raxmat. Men endi ketsam bo‘ladi.
– Senga omad tilayman.
Ichki ishlar bo‘limidan chiqib ishxonamga bordim. “Nahotki Nozima Mirzaeva chindan ham o‘z erini zaharlagan bo‘lsa. Rahimning hech qanday dushmani yo‘q. Xotini esa undan alamzada. Choyiga zaxarni xotinidan boshqa hech kim sola olmaydi. Lekin Nozima ahmoq emas. Axir erining zaharlangani malum bo‘lsa eng birinchi shubha unga tushishini biladi-ku! Unda haqiqiy qotil kim? Kim Rahimni zaharladi?” Miyamdan bir qator o‘y-hayollar o‘ta boshladi…
II
Tushdan so‘ng Nozimaning ota onasining uyiga yo‘l oldim. Ikki qavatli hashamatli uyning bejirim bezaklar bilan bezatilgan darvozasi oldiga keldim va eshik qo‘ng‘irog‘i tugmachasini bosdim. Ichkaridan ayol kishining nozik qadam tovushlari eshitildi. Darvoza eshigi ochildi. – Assalomu alaykum, Ravshan aka, keling. Nazira ichkariga yo‘l boshladi. Mehmonxonaga kirdik.
– Marhamat o‘tiring. Choy ichasizmi yoki qahva?
– Choy bo‘lsa yaxshi bo‘lardi. Men divanga o‘tirdim. Nazira chiqib ketdi va biroz o‘tib qo‘lida choynak-piyola bilan qaytib keldi.
– Choy juda xushtam ekan. Malayziyadan keltirilganmi? – dedim choydan xo‘plab.
– Yo‘q. O’zimizdagi supermarketdan sotib oldim. Malayziyaning choyini allaqachon ichib tugatdik. Otam raxmatli yaxshi ko‘rardilar.Shuning uchun tez-tez yuborib turardim.
– Malayziyada anchadan buyon yashaysizmi?.
– Sakkiz yil bo‘ldi. Boshida biroz qiynaldim keyinchalik ko‘nikib ketdim. Ishlarim bilan bo‘lib singlimning to‘yiga ham kela olmagandim. Navoiy ham o‘zgarib ketibdi. Kuala Lumpurdan qolishmaydi.
– Ha, albatta. Shuning uchun men ham ona shahrimga qaytib kelib ish boshladim.Sizga ham shuni maslahat beraman.
– Bu maslahatni albatta o‘ylab ko‘raman. Aytgancha singlimning ishi bo‘yicha biror yangilik bormi? Surishtiryapman lekin Nozimani oqlaydigan biror dalil topa olmayapman. Kuyovingiz singlingizga uylanmasidan avval boshqa bir qiz bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan ekan.Singlingizdan ajrashib o‘sha qizga uylanmoqchi ekan.
– Nima? Rahimmi? Gapini eplay olmaydi-ku! Endi narigi dunyoda uylansin! Lapashang! Tirikligida bergan azoblari yetmagandek o‘lganida ham singlimni boshini ko‘p g‘avg‘oga qo‘ydi. Naziraning ko‘zlari yoshlandi. Men unga biroz tikilib turdim. Qiz xijolat bo‘lib ko‘zlarini olib qochdi.
– Mayli menga ruhsat biror dalil topsam sizga xabar qilaman. Choy uchun katta raxmat.
– Omadingizni bersin. Xayr.
Naziraning uyidan chiqib ishxonamga qaytdim. Kun bo‘yi xujjat titdim. Uyga ketmoqchi bo‘lib turganimda oyim qo‘ng‘iroq qilib uyga mayda-chuyda olib kelishimni aytdilar. Ishxonamdan chiqib yaqin atrofdagi supermarketga bordim.Peshtaxtadan qadoqlangan ko‘k choyni olib unga termildim. “Shu choyni deb bir odam o‘ldi, bir odam esa qamaldi” o‘yladim ichimda. Biroz o‘ylanib turdim-da supermarket rahbariyatiga yugirdim. – Siz bilan muhim masalada gaplashib olishim kerak – dedim supermarket boshqaruvchisiga.
Ertasi kuni ichki ishlar bo‘limiga bordim.
– Buni qanday uddalading. Senga qoyil qolish kerak – dedi Aziz.
– Hozir bilib olasan qanday uddalaganimni.
Biroz o‘tib Nazira Sayfieva kirib keldi.
– Ravshan aka, meni tez yetib kelishimni so‘radingiz?
– Singlingizni oqlovchi dalil topdim va haqiqiy aybdorni aniqladim.
– Xo‘sh, Rahimni kim zaharlagan ekan?
– Siz!
– Nima? O’ylab gapiryapsizmi?
– Ha. Sayfieva, kuyovingizni aynan siz zaharlagansiz?
– Buni isbotlay olasizmi?
– Hozir buni isbotlaymiz. Ilk uchrashuvimizdan so‘ng sizni qaerda ko‘rganim haqida esladim.Siz Nyu Yorkka hamkor izlab borgansiz. Men sizni dastlab olti oy avval Nyu Yorkdagi “Jannat” restoranida ko‘rgandim. Siz telefonda o‘zbekchalab gaplashyotgan edingiz.
– Dada, inqiroz tufayli biznesim kasod bo‘lyapti yordam bering… Nima? Mayli unda o‘sha erkatoy qizingiz va kuyovchangiz bilan qolavering. Endi mening o‘ligimni ham tirigimni ham ko‘rmaysiz…
Bu sizning otangizga alam ustida aytgan so‘nggi gaplaringiz edi. To‘rt oy o‘tib otangiz vafot etdi. Bu voqea sizga qayg‘udan ko‘ra quvonch olib keldi…
– Og‘zinga qarab gapir! Ko‘p aljirama! Nazira asabiylasha boshladi.
– Jim bo‘ling! Oxirigacha eshiting! – dedi Aziz. Men davom etdim.
– Noxush xabarni eshitib bu yerga qushdek uchdingiz. Otangizdan qolgan merosdan umidvor edingiz. Biznesingiz kasodga uchrab Malayziyadagi modalar uyingiz yopilish arafasida edi. Sizga sarmoya kerak edi. Otangizdan qolgan meros, yani barcha ko‘chmas mulklar, mashinalar, firmani sotib Malayziyaga ketmoqchi edingiz. Lekin bundan sakkiz yil avval “modalar uyi ochaman” deb marxum otangizdan o‘z haqingizni allaqachon olib bo‘lgandingiz. Shu sabab dadangiz mol-mulkining barchasini singlingiz Nozima Mirzaevaga qoldirgan. Buni notarius orqali tasdiqlatib xam qo‘ygan. Tabiiyki bu sizga yoqmadi. Siz o‘z singlingizni o‘ldirib, uni o‘limiga turmush o‘rtog‘i Rahim Mirzaevni aybdor qilmoqchi va singlingizning merosiga ega chiqmoqchi edingiz. Lekin buning aksi bo‘lib qoldi….
– Bunga isboting yo‘q! Tuxmat qilyapsan! Menga qarshi chiqishing uchun seni yollaganmidim?!
Men parvo ham qilmay gapimda davom etdim.
– Aytgancha aytishni unitibman Rahim Mirzaevning sobiq mashuqasi kimligini ham aniqladim. Bu qiz ham o‘zingizsiz Nazira Sayfieva!
– Bunisi endi oshib tushdi.
– Yo‘q. Oshib tushmadi. Mana bu suratni taniyapsizmi? Cho‘ntagimdan Raxim Mirzaevning xamyonidan chiqqan suratni olib stolga tashladim. Suratni ko‘rib Naziraning rangi oqarib ketdi. – Bu… Buni qaerdan oldingiz.
– Surat siznikimi?
– H… Ha, lekin siz…
– Bu surat Rahimning hamyonidan topildi. Siz kuyovingiz sobiq sevgilingiz ekanini bilgansiz. Chunki o‘zini ko‘rmagan bo‘lsangiz ham rasmini ko‘rgansiz.Tabiiyki Rahim ham sizni yaxshi bilgan. Nozima sizga o‘xshagani uchun unga uylangan. Malayziyadan kelganingizdan so‘ng Rahim sizni ko‘rib o‘zini yo‘qotib qo‘yadi. U Nozimadan ajrashib sizga uylanishga tayyorligini aytadi chunki muhabbat uning ko‘zini ko‘r qilib qo‘ygandi. Lekin sizdek boylikka o‘ch, xudbin ayol birovni sevishi mumkin emas. Rahimni hech qachon sevmagansiz. Siz Rahimning muxabbatidan foydalanishga qaror qilgansiz. Rahim Mirzaev vafot etgan kuni siz u bilan uchrashgansiz…
– Bunga isbotingiz bormi?
– Rahim Mirzaev zaxarlangan kuni men idoram uchun ijaraga bino ko‘rgani bordim. Binoni ko‘rib bo‘lgach yaqin atrofdagi supermarketga kirdim. Mendan uch-to‘rt metr uzoqlikdagi qadoqlangan choylar turgan peshtaxtalar oldida bir yosh ayol va bir yosh erkak bir biriga shivirlab gaplashib turgandi. Bu erkak va ayol siz va Rahim Mirzaev edi. Sizlarga orqa o‘girib turganim uchun yuzingizni ko‘ra olmagandim. Faqat sizning Rahimga “mayli sizga turmushga chiqaman faqat menga vaqt bering” deganingiz qulog‘imga chalingandi. Lekin bu voqea esimdan ham chiqib ketgandi. Rahimning hamyonidan chiqqan suratga termilib turib bu Nozimaning emas balki sizning talabalik paytingizda tushgan suratingiz ekanini fahmladim. Kecha supermarketga borganimda esa qadoqlangan choyga qarab turib o‘sha yosh erkak va ayolning suhbatini esladim. Ular siz va Rahim ekaningizga ishonch hosil qilish uchun supermarketning xavfsizlik bo‘limiga borib o‘sha kuni yozib olingan video tasvirlarni ko‘rsatishlarini iltimos qildim. Xayriyatki tasvirlar o‘chib ketmagan ekan. Video tasvirlarga qarab turib qadoqlangan choylar oldida turgan o‘sha erkak va ayol chindan ham siz va Rahim Mirzaev ekanini ko‘rdim. Lekin bu hammasi emasdi. Siz Rahimning aravachasida turgan qadoqlangan choyni unga sezdirmasdan oldingiz va sumkangizdan xuddi o‘shanga o‘xshash choyni olib ikkala choyni almashtirib qo‘ydingiz. Bu ishni shunday ustomonlik bilan bajargansizki video tasvirlarni kattalashtirib ko‘rsa ham zo‘rg‘a sezilishi mumkin. Siz almashtirib qo‘ygan choyga Malayziyada maxsus tayyorlangan zaxar qo‘shilgandi. Bu choyni ichib Nozima zaharlanishi tabiiy edi. Lekin o‘sha kuni singlingiz bu choyni ichmagan chunki u kun bo‘yi qaynisinglisinikida edi. Nozima choyni ichib zaxarlansa siz “menga uylanish uchun ataylab singlimni o‘ldirgansan” deb Rahimga shantaj qilardingiz. Lekin Nozimaning o‘rniga Rahim zaharlandi. Nozima qamalsa ham meros uning nomiga qolaverardi. Shu sabab siz endi yangi reja tuzdingiz. O’zingizni mehribon opa qilib ko‘rsatib Nozimaga advokat yollamoqchi bo‘ldingiz. Bu ishingizdan so‘ng sho‘rlik Nozimaning sizga bo‘lgan mehri yanada ortadi. U sizga mabodo qamalib ketsa merosiga egalik qilishingizni aytadi. Sizga tajribasiz, ishini endi boshlagan advokat kerak edi. Men eng munosib nomzod edim. Garchi xorijda o‘qib kelgan bo‘lsam ham endi ish boshlagandim. O’ylab o‘ylab meni yollashga qaror qildingiz. Lekin bu sizga qimmatga tushdi….
– Yolg‘on! Aytganlaringiz barchasi safsata! Aziz aka, siz shu telbaning gapiga ishonasizmi?
– Ishonaman. Chunki hozirgina odamlarim uyingizni tintuv qilib narsalaringiz orasidan zahar solingan shisha idishni topishgani haqida xabar qilishdi. Bundan tashqari qo‘limizda supermarketdagi video tasvirlar ham bor. Bu dalillarni inkor eta olmaysiz, Sayfieva! Siz kuyovingiz Rahim Mirzaevning joniga qasd qilishda aylanib qamoqqa olinasiz!
– Javob berasiz! Hali hammasi uchun javob berasiz! Nazira titray boshladi.
– Yo‘q, Sayfieva siz javob berasiz. O’yin tugadi. Qilgan jinoyatingiz uchun qonun oldida javob berasiz!
– Buni shunday qoldirmayman. Qasam ichib aytamanki qamoqdan chiqsam albatta sizni o‘ldiraman!
Ikki nafar militsioner Nazirani olib ketishdi.
– Buni qara-ya! Naziradek xurliqoni bunday qabihlikka qo‘l uradi deb kim ham o‘ylabdi? – dedi Aziz.
– Pul o‘lsin-a! Do‘stim! Pul o‘lsin. Pul, boylik uchun odamlar o‘z jon-jigaridan ham voz kechib ketyapti. Endi Nazira singlisining ko‘ziga qanday qaraydi?
– Nozimani bugun qo‘yib yuboramiz. Senga katta raxmat do‘stim. Sen bir masumani nohaq qamalib ketishidan saqlab qolding.
– Buning hammasi tasodif. Lekin nima bo‘lganda ham birinchi ishimda g‘alaba qozondim. Yur buni nishonlaymiz – dedim.
– Uzir do‘stim. Men xizmatdagi odamman hozir buning iloji yo‘q lekin baribir bitta ziyofat qarz bo‘lib qolasan! – deb kuldi Aziz. Men xoxolab kulib do‘stim bilan quchoqlashdim.
– Sen bilan hali ko‘p jinoyatlarni fosh etib yurtimizda qonun ustivorligini taminlaymiz!

Feruz Ziyodullaev

Manba: Mulohaza.uz

Категория: DETEKTIV HIKOYALAR / QISSALAR / ASARLAR | Добавил: ADMIRAL (18.12.2016)
Просмотров: 4232 | Теги: super voqealar, yurakni ezuvchi hikoyalar to'plami, qiziqarli voqealar, yangi hikoyalar to'plami, eng ajoyib, real hikoyalar, qiziqarli hikoyalar | Рейтинг: 5.0/48

O'xshash she'r va hikoyalar
Всего комментариев: 0
avatar
close