Chimildiqqa mast kirgan kuyov, yangalarning yengil-elpi gaplari va hadik qurshovidagi kelin…

Tahririyatga bir qiz qo‘ng‘iroq qildi. To‘g‘risi, uning murojaati avvaliga juda ajablantirdi. Bu mavzuni yozib chiqsam nima bo‘larkin, nozik masalalarni omma o‘rtasiga olib kirish yaxshimikin, deb biroz istihola ham qildim. Lekin go‘shak ortida ko‘z yoshlarini tiyolmay ruhiy zo‘riqish, hayajon bilan gaplashayotgan o‘smir qizning holati fikr aytish istagimni qat’iylashtirdi.

“Turmushga chiqishni o‘ylasam, ochig‘i, yuragim orqaga tortib ketadi. Hammasiga o‘sha mudhish voqea sabab… Nozima bilan yaqin dugona, do‘st edik. U bizdan ikki eshik narida turardi, birga o‘ynab katta bo‘lganmiz. Nozima chiroyli, odobli qiz edi. Akam bo‘lsa seni o‘zim kelin qilardim, deb ko‘p gapirardim. O’shanda maktabni bitirish arafasida edik. Uyga sovchilar kelib qo‘yishmayapti, dadam rozilik berib yuborishlaridan qo‘rqyapman, deb qoldi. Dadasining bir amaldor do‘sti bor edi, o‘sha o‘g‘liga so‘ragan ekan. Nozimalarnikiga mehmonga ko‘p kelishardi, bolani ham bir-ikki ko‘rgandim, yoshi bizdan uncha katta bo‘lmasa-da, lekin ko‘rinishidan bo‘ychang, qorindor edi. Nozimaning niyatlari katta edi, maktabni tamomlab oliygohga kiraman, kelajakda yurist bo‘laman, deb yurardi.

Xullas, o‘n yettiga ham to‘lib ulgurmagan dugonamni o‘sha yigitga fotiha qilishdi. To‘yda u oppoq libosda yanayam nafis, dilbar edi, xuddi mitti farishtaning o‘zi deysiz. Uni quchoqlab baxt tiladim.

To‘y el-yurtga ovoza bo‘ladigan darajada dabdaba bilan o‘tdi, xonanda-yu, sozandalarning keti uzilmadi. Kuyovbolaning ham do‘stlari, ulfatlari ko‘p ekanmi, ha deganda yoniga borib quchoqlashib tabriklashdan, qadah so‘zi aytishdan charchashmadi. Kuyovbola to‘y o‘rtasidayoq shirakayf bo‘lib qoldi.

To‘yni tugatib uyga qaytdik. Negadir yuragimni xavotir bosardi, hech kimga hech nima deyolmasdim. Ming xil xayollar og‘ushida edim. Tongga yaqin ko‘zim ilingan ekan, onamning xavotirli gaplaridan o‘rnimdan otilib turdim.

– Nozimalarning uyida biron gap bo‘ldimikan, odamlarning keti uzilmayapti…

Shu payt dadam ko‘chadan xomush kirib qoldi.

– Dada, Nozimalarniki tinchmi, nega hamma sarosimada… – otamning ko‘zlariga jovdirab turardim biron noxush gap eshitib qolishdan cho‘chib.

Dadam meni ruhiyatimni sindirishdan qo‘rqibmi, indamadi.

– Issiq choy damlab kel, – deb oshxonaga chiqarib yubordi. Eshikdan endi yaqinlashgandim, onam mening savolimni dadamga qayta berdi.

– Nozima… shifoxonaga tushib qolibdi…

– Nega, kecha tuppa-tuzuk edi-ku!?. – onamni vahima bosdi.

– Haligi… Kecha kuyovbola chimildiqqa g‘irt mast-alast ahvolda kirib Nozima sho‘rlikni… u ko‘p qon yo‘qotibdi… ahvoli og‘ir deyishyapti… – dedi dadam.

O’sha kuni kechasi Nozimaning joni uzildi. Baxt to‘yiga yozilgan dasturxon uning azasiga ulanib ketdi. Naqadar dahshat…

Bu voqea menga qattiq ta’sir qildi, anchagacha o‘zimga kelolmadim. Oradan yillar o‘tdi, lekin qalbimdagi jarohat hamon meni bag‘ri-dilimni o‘rtaydi. Turmushga chiqishga, kuyov bilan chimildiqda yolg‘iz qolishga judayam qo‘rqaman…”

Uzoq davom etgan suhbat o‘zaro muhokamaga sabab bo‘ldi. Bu murojaatdan so‘ng hamkasblarim birma-bir qaysidir tanishi, qo‘shnisi, dugonasining boshidan kechirganlarini so‘zlay ketdi.

Feruza Matkarimova:

– Kamol bilan Dilnoza to‘ydan avval bir-birlarini yaxshi bilishmas edi, men o‘rtada turib ovsinimning o‘g‘liga kelin qilganman. Jiyanim Dilnozaga akasining xotini – yangi kelinchak yangalik qiladigan bo‘ldi. Biz, kattalar to‘yning shirin tashvishlari bilan bo‘lib, yosh kelinchakka ishonib Dilnozada bo‘layotgan o‘zgarishlarga befarq bo‘lgan ekanmiz. U deyarli har kuni yangasining vahimali gaplaridan “tarbiya” olib borgan. Oxir-oqibatda bo‘lajak kelinning fikru yodi g‘uj-g‘uj vahimalar, qo‘rquvlar iskanjasida siqilib qolgan. U nikoh oqshomini orziqish bilan emas, qo‘rquv bilan kuta boshlagan. Nihoyat, to‘y o‘tib, visol soniyalariga ham yaqinlashadi. Chimildiqda kelinchakni qo‘rquv iztirobida ko‘rgan kuyovning xayoliga turli o‘y-fikrlar kelib, uni tashlab chiqib ketdi. O’shanda bu holat hammamizni gangitib qo‘ygandi, biz – kattalarni yanada ogoh va hushyor bo‘lishga undagan bu voqea.

– Harbiy xizmatni tugatib qaytgach, ota-onam to‘y taraddudini boshlab yuborishdi, – deb suhbatimizga aralashdi xonaning bir burchagida doim o‘z olami bilan o‘tiradigan O. ismli hamkasbimiz. To‘y ham bo‘lib o‘tdi. Orzuimdagi ilk visol oqshomi… Bunday paytda kelin-kuyovlar qanday hayajonlar qurshovida bo‘lishini boshidan o‘tganlar yaxshi bilishsa kerak. Bir payt qo‘shni xonadan yangalarning har xil gap-so‘zlari, baland ovozda kulishlari eshitilib qoldi. Kutilmaganda ahvol-ruhiyatimiz o‘zgardi. Tunni bir-birimizga bezovta tikilish bilan oqartirdik.

Ertasi kun ham xuddi shunday holat takrorlandi. Yanga bo‘lib qolgan ayollar har xil yengil-elpi gap-so‘zlar aytib kulishardi. Chidab eshitib o‘tirolmadim. Kelinni chimildiqda yolg‘iz tashlab chiqib ketdim.

Nikoh kechasi kelin-kuyovning ruhiyati shunchalar nozik bo‘larkanki, unga beparvo aytilgan bir og‘iz so‘z ham o‘zgacha ta’sir etishi mumkinligini o‘z hayotimda his etdim.

Kelin-kuyov ostona hatlab chimildiqqa kirar ekan, yosh oilaning ilk qadam bosishidagi barcha mas’uliyat yangalarning zimmasiga yuklanadi. Bu qadimdan qolgan urf-odat, an’ana. Kim, qachon joriy etgan bu odatni, hech kim aniq aytib berolmasa kerak. Lekin bu udum har bir oila uchun nikoh kabi muqaddas hisoblanadi. Biroq so‘nggi paytlarda mazkur urf-odatlarga ayrim yangalar bee’tibor bo‘layotgandek, hatto ko‘ngilochar ermak sifatida ham qarashayotgani bor gap. Bayon qilganimiz bu ikki holatda ham yangalarning o‘z “vazifa”lariga e’tiborsizliklari ko‘rinadi. Bu kabi noto‘g‘ri xatti-harakatlari bois yosh oilalar bir umr baxtsizlik girdobiga tushib qolishi mumkinligini unutmaylik.

Muqaddas hayot ostonasida qalbi-yu qo‘ri shirin orzu-istaklar ila limmo-lim to‘lgan kelin-kuyovlarning billurdek toza va shishadek nozik ko‘ngillarini ehtiyot qilaylik!

SAMO

Категория: ARALASH HIKOYALAR / XAR XIL XIKOYALAR / YANGI VOQEALAR | Добавил: ADMIRAL (28.05.2017)
Просмотров: 16038 | Теги: kuyiov bola, yangalar, qiziqarli maqolalar, mast holda, chimildiq haqida, yangi voqealar, to'y haqida hikoyalar, kelin kuyiovlar, qiziqarli hikoyalar | Рейтинг: 5.0/89

O'xshash she'r va hikoyalar
Всего комментариев: 0
avatar
close