​Bexosiyat uy (Hikoya)

Hozir izlayotgan odamlaringiz bu uyda bor-yo`g`i sakkiz yil yashashdi

Shahodat juda sinchkov. Buning ustiga, o`ta qiziquvchan. Bir narsa ko`ziga ajabtovur ko`rindimi, tamom, shuni miridan-sirigacha o`rganmasdan qo`ymaydi. Mana, necha oydirki, uy izlyapti. Viloyat markazida olti yildan buyon sotilmay turgan hovlining oldidan o`tib ketadi-yu, uning eshigiga osilgan e`londagi raqamlarni qayta-qayta teradi. Ammo doim “Bu raqam bilan vaqtincha ulanolmaymaysiz” degan shirinsuxan xonimning ovozini eshitadi.

Hovlining shundoq oldida daraxtlar bor. Tashqi tomondan qaraganda tuppa-tuzuk uy. Darvozalari ham mustahkam. Mana shunday uyi bo`lishini ijarada yashab o`tirgan qaysi kishi istamaydi, axir. Oxiri Shahodat shu hovliga yondosh uy egalari bilan bir surishtiruv o`tkazishga qaror qildi.

— Voy, bu hovli sotuvga qo`yilganiga olti yil bo`ldiyov, — eshikni darrov ochgan ayol Shahodatning «Uy egalarini qanday topsam bo`ladi» degan savolidan hayajonlanib so`zga tushdi.

— Nega hech sotilmayapti?

— Voy, siz shu erlikmasmisiz? —ayolning ko`zlari katta-katta bo`lib ketdi.

Shahodat dabdurustdan shu erlikmasmisiz degan so`roqdan hayron qoldi.

— Yo`q, yaqinda ko`chib keldik. Asli Kogonlikmiz.

— Tushunarli, — bosh chayqadi ayol. — Unda kiring, bir piyola choy ustida gaplashamiz, mehmon, — deya Shahodatni uyi tomon boshladi.

— Men yigirma yil oldin shu mahallaga kelin bo`lib tushganman. O`shanda ham bu uyda biror zog` yashamasdi. Uy ham xarobadan farq qilmasdi. Bugun sizning ko`zingizni o`ynatayotgan daraxtlarning birortasi yo`q edi. Qaynonam saharda turib darvoza oldini supurishga chiqqanimda qattiq tayinlagani hamon yodimda.

— Sohibaxon, o`zingiz yolg`iz chiqmang. O`g`lim yoningizda tursin. Keyin ikki qulog`ingizga zirakdek ilib oling, aslo mana bu xarobo uy tomon o`tmang.

Men hayron qolganman. Tabiiyki, turmush o`rtog`imdan qaynonam nega bunday shart qo`yganini so`raganman.

Bilasizmi, siz xaridor bo`layotgan hovli bexosiyat. U erga kim ko`chib kelsa, bir baloga yo`liqqan bo`larkan. Men kelin bo`lib kelgunimcha, uch oila yashagan, birining o`g`li oddiy ari chaqqanidan o`lgan, bir gal uy yonib ketgan, bir egasining esa oyoq-qo`li shol bo`lib qolgan, — ayol gap orasida yoqasiga tuflab qo`yishni unutmadi. — Hozir izlayotgan odamlaringiz esa o`n besh yilcha avval ko`chib kelishdi. Hamma “Bu uyning fayzi yo`q, boshingga musibat tushadi” desa ham, arzon-garov olishdimi, nima balo, hech kimga quloq osishmadi. Rosa daraxtlar ekishdi, ta`mirlashdi, bir yil deganda epaqaga keltirishgandi, besh yashar o`g`illarini shundoq ko`chada mashina urib ketsa bo`ladimi... Xudo qayg`urdiki, bola omon qoldi. “Biz sizni ogohlantirgandik” deya qo`ni-qo`shni aytsa ham, “Peshanada borini ko`ramiz”, deb sakkiz yil shu erda yashashdi.

Shahodat qo`rquvdan titray boshladi. Hamsuhbati aytgan har bir voqea ko`z o`ngidan o`tib, uni larzaga solardi. Axir yuragi toshmas, uch bolaning onasi u ham.

— Keyin-chi... — dedi u ovozi titrab. — Nahot avtohalokatdan omon qolgan bola dunyodan ko`z yumgan bo`lsa?

— Yo`q, Mirsodiq akani poytaxtga ishga chaqirishdi, shu bilan ko`chib ketishdi. Ammo uy ko`rib turganingizdek sotilgani yo`q. Kim ham oladi, deysiz?

Shahodat mezbonga rahmat degancha, katta sariq rangli qog`ozga yozilgan e`lon tomonga qaramasdan tez-tez yurib ketdi.

Uynnig bexosiyatligini bildi-yu, sirini anglolmadi. Xuddi boshqalardek.

Urush yillarida xuddi shu hovli o`rnida raisning uyi bo`lgani, u butun qishloq ocharchilikdan qiynalgan bir paytda xalqning nonini o`g`irlab bolalariga edirgani kasofati nevarasiga urganini qishloqning bugungi odamlari bilmaydi. Ikkinchi egasi zino yo`llariga yurgani haqida ham oldingilar bilishardi. Uchinchisi esa shifokor bo`la turib, bemorlarning cho`ntagiga qarab, operasiyalar o`tkazgan edi. Shu hovlini obod qilishga uringan Mirsodiq aka esa bir odamning iltimosini katta pora evaziga bitkazib bermoqchi bo`ladi. Shu kuni belgilangan uchrashuv payti esa o`g`li avtohalokatga uchrab, bu niyatidan qaytadi...

Ha, odamlar bexosiyat deya uyni ayblashadi, uning devorlari adashgan kishilarning gunohiga guvohligi haqida esa o`ylab ham ko`rishmaydi.

MUXLISA

Категория: ARALASH HIKOYALAR / XAR XIL XIKOYALAR / YANGI VOQEALAR | Добавил: ADMIRAL (14.02.2017)
Просмотров: 3577 | Теги: tasirli hikoyalar, eng ajoyib hikoya, yangi voqealar, ibratli voqealar, bexosiyat uy, hikoyalar, super xikoyalar, sherlar.net | Рейтинг: 5.0/34

O'xshash she'r va hikoyalar
Всего комментариев: 0
avatar
close